“Besh soniya qoidasi” - haqiqatmi yoki uydirma?
“Besh soniya qoidasi” qachon paydo boʻlganligi ma’lum emas, ammo ba’zi tarixchilar uning kelib chiqishi Chingizxongacha borib taqalishini ta’kidlaydilar. Uning soʻzlariga koʻra, agar ovqat yerda besh soatdan ortiq vaqt davomida yotsa ham, uni iste’mol qilish mumkin. Asrlar oʻtib, bu 5 soat 5 soniyaga aylandi. Biroq, bunga ishonish qiyin, chunki moʻgʻullar oʻzlari bilan soat olib yurganliklari dargumon, vaqtni oʻlchash uchun qandaydir usullardan ham foydalangan boʻlishlari ehtimoldan uzoq.
Ushbu savolga javob berishga harakat qilar ekan, olimlar zanglamaydigan poʻlat bilan qoplangan pol, kafel, yogʻoch pol va gilamga tarvuz, non, saryogʻ non va saqichli marmeladdan iborat toʻrt turdagi mahsulotni birma-bir tashlashdi. Bunda ular mahsulot yerda yotganda bakteriyalar unga yopishishi uchun vaqtning ahamiyatini aniqlamoqchi edilar. Mahsulotlar 1, 5, 30 va 300 soniya davomida polda yotgach, mutaxassislar barcha namunalarni toʻplab, ularga yopishgan bakteriyalar sonini oʻrganishdi. Alohida e’tibor Enterobacter cloacae bakteriyasiga berildi. Bu ichak kasalliklari va yalligʻlanish jarayonlariga olib keluvchi bakteriya edi.
Natijalar shuni koʻrsatdiki, “besh soniya qoidasi” birinchi qarashda koʻringanidek ma’nosiz emas ekan. Oziq-ovqat yerda qanchalik uzoq qolsa, u shuncha koʻp bakteriyalar toʻplar ekan. Hattoki eng chaqqon odam ham ovqatini yerdan olgunga qadar uni oʻnlab va hatto yuzlab bakteriyalar qoplab olishi aniqlandi.
Bundan tashqari, oziq-ovqatdagi bakteriyalar sonining koʻpayishiga uning tuzilishi va yerga tushadigan tomonining xususiyatlari ham ta’sir qiladi. Misol uchun, nam oziq-ovqat qattiq va tekis yuzaga tushib ketsa, bakteriyalar tezroq yigʻiladi. Shuning uchun, zanglamas poʻlatdan yasalgan yuzaga tushgan tarvuz eng koʻp bakteriyalarni toʻplagan. Gilam ustida yotgan nonga esa, aksincha, eng kam mikroorganizmlar yopishgan.