Odamlarda turli xil qon guruhlari borligi qaday kashf etilgan?
Oʻz qon guruhimizni bilishimiz tibbiyot tarixidagi eng muhim kashfiyotlardan biridir. Aynan shu sababli shifokorlar bemorlarga qon quyish orqali ularning hayotini saqlab qolishi mumkin.
XIX asrning oxirlarida olimlar turli insonlarning qonini aralashtirib koʻrishga harakat qilganlar. Natijada qon ivib qolishi kuzatilgan. Avvaliga hech kim bunga e’tibor bermagan, chunki, probirkadagi qon kasal odamlardan olinganligi uchun shu holat roʻy beryapti, deb hisoblangan.
Bu haqda birinchi marta avstriyalik shifokor Karl Landshtayner chuqur oʻylab koʻradi va turli insonlarning, shu jumladan sogʻlom odamlar va hatto oʻzining ham qonini aralashtirib qon ivishining qonuniyatini oʻrgana boshladi. Har bir namunada u plazmadan eritrotsitlarni (qizil qon tanachalari) ajratib oladi, keyin bir odamning plazmasiga boshqa odamning eritrotsitlarini qoʻshadi.
Landshtayner qon ivishi faqat ma’lum bir odamlarning qoni aralashtirilgandagina sodir boʻlishini kuzatadi va tadqiqot natijasida uchta asosiy qon guruhini topadi. Ularni A, B va C deb ataydi. Keyinchalik C guruhining nomi O deb oʻzgartirilgan, bir necha yil oʻtgach, tadqiqotchilar AB guruhini ham kashf qilishdi.
Sobiq SSSRda Landshtaynerdan mustaqil ravishda va u bilan deyarli bir vaqtda qon guruhlarini kashf etgan chex olimi Janskiyning tasnifiga koʻra, qon guruhlari I-IV raqamlari tizimida ishlatilgan.
Oʻsha vaqtdan boshlab olimlar qon guruhlarini oʻrganish uchun kuchli vositalarni ishlab chiqqanlar. Ular qon guruhlarining rivojlanish evolyutsiyasini kuzatishga va ularning sogʻliqqa ta’sirini aniqlashga muvaffaq boʻldi. Biroq, koʻp narsa hali ham tushunarsiz qolgan. Masalan, nima uchun insonlarda qon guruhlari turli xil boʻladi va umuman ular nima uchun kerak kabilar.
XX asr oʻrtasida amerikalik tadqiqotchi Filipp Levin qonni uning Rezus faktoriga (Rh) egaligiga qarab tasniflashning yana bir usulini topdi. Bu xususiyatni koʻrsatish uchun, Landshtayner tasnifi belgisiga “plyus” yoki “minus” (“+”, “-”) belgisi qoʻshila boshlandi.
Har bir insonning immun tizimi oʻzining qon guruhini taniy oladi. Lekin, agar insonga mos kelmaydigan turdagi qon guruhi quyilsa, immun tizimi “ishlamay qoladi” va oʻz-oʻziga qarshi kurasha boshlaydi.
Birinchi turdagi qon (O) guruhi bundan istisno. Faqat ugina boshqa qon guruhlarida ham bor boʻlgan H antigenlariga ega, shuning uchun bu guruh qon boshqa qon guruhlari bilan mos keladi. Oʻz-oʻzidan birinchi qon guruhiga ega boʻlgan insonlar universal donorlar boʻlib, birinchi navbatda aynan ularning qoni qon quyish stansiyalari uchun qimmatlidir.