QR kod nima va bu texnologiya xavfsizmi?
QR kodi tezkor javob kodi bo'lib, shtrix-kodning ikki o'lchovli versiyasidir. U mobil qurilma orqali skanerdan o'tkazilganda deyarli bir zumda ma'lumot uzatishga qodir. QR kodi shtrix kodiga o'xshash ishlaydi. Ammo 1D shtrix-kod faqat chapdan o'ngga o'qiladi, 2D QR kod esa chapdan o'ngga va yuqoridan pastga o'qiladi. Har bir QR kod qora kvadrat va nuqtalardan iborat bo'lib, ularda ma'lumotlar shifrlangan. Skanerlanganda shtrix-kod namunasi qurilmalar tomonidan osongina o'qilishi mumkin bo'lgan ma'lumotlarga aylanadi.
Hozirgi kunda ko'pchilik o'z smartfonlari yordamida QR kodlarini skanerlashi mumkin. Agar telefoningizda bunday imkoniyat bo'lmasa, QR kodlarini skanerlash uchun ko'plab bepul ilovalar mavjud. QR kodni o'qish uchun siz telefoningiz kamerasini kvadrat shaklga qaratishingiz kerak, shunda qurilmangiz uni skanerlaydi. Mobil telefoningiz ekranida havolali xabar paydo bo'ladi. Siz uni bosishingiz va kerakli sahifaga o'tishingiz kerak.
QR kodlaridan foydalanish xavfsizmi?
Hamma QR kodlari xavfsiz emas. Har kim QR kodini yaratishi va xohlagan internet sahifasini kodlashi mumkinligini hisobga olsak. Firibgarlar bu texnologiyadan osongina foydalanishlari mumkin. Misol uchun, binoning devoridagi afishada mukofot olish uchun kodni skanerlash va anketani to'ldirish so'raladi, aslida firibgarlar shu tariqa shaxsiy ma'lumotlaringizni olishlari va undan sizga qarshi foydalanishlari mumkin.
Boshqacha qilib aytadigan bo'lsak, QR kodini chop etish va uni sizning e'tiboringizni jalb qiladigan joyga joylashtirishga hech narsa to'sqinlik qilmaydi. Buni yodda tuting va skanerlamoqchi bo'lgan QR kodini tekshiring.
Umid qilamizki, siz QR kodlari va ulardan xavfsiz foydalanish haqida ko'p narsalarni bilib oldingiz!