Телефон.png

Sun’iy intellekt: foydalimi yoki zararli?

Sun’iy intellekt haqidagi bahs-munozaralar qariyb 50 yildan beri davom etib kelmoqda. Mutaxassislar hanuzgacha bir to‘xtamga kelishgani yo‘q. Ba’zilar ularning ommalashib odamlar o‘rnini egallab borayotgani natijasida ommaviy ishsizlik ko‘rsatkichlari oshib ketishi mumkinligidan tashvishdalar. Mutaxassislarning boshqa bir guruhi esa sun’iy intellektga ijobiy munosabatda bo‘lish kerakligini uqtirishmoqda.

Hatto informasion texnologiylar sohasidagi milliarderlar orasida ham turli qarashlar mavjud. Jumladan, SpaceX asoschisi Ilon Mask sun’iy intellekt insoniyat sivilizatsiyaga xavf solishi mumkin degan fikrda. Maskning fikricha, sun’iy intellekt mehnat bilan bog‘liq ommaviy muammolarni keltirib chiqaradi. Sababi, robotlar hamma ishni bizdan ko‘ra yaxshiroq bajara olishadi. Ilg‘or texnologiyalar ortidan quvish natijasida, kompaniyalar sun’iy intellekt ortidan kelib chiqadigan xavf-xatarni ko‘rmay qolishlari mumkin. Shuningdek, Microsoft rahbari Bill Geyts ham uning zarariga to‘xtalib o‘tadi: “Bir necha o‘n yildan so‘ng, robotlar ishning katta qismini bajara boshlagach, sun’iy intellekt shu qadar kuchayib ketadiki, yakunida u bizni xavotirga sola boshlaydi”.

Bugungi kunda ayrim davlatlarda robot-hamshiralar, xaydovchisiz transport vositalari, buyurtmani yetkazib beruvchi dronlar xizmatidan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Hatto politsiya xodimlarining ba’zi vazifalarini ham maxsus robotlar bajarishyapti. Olimlar ularning tashqi ko‘rinishini imkon qadar odamlarnikiga o‘xshatishga urinishmoqda. Shu sababli ko’pchilik o’z ish joylarini yo’qotishi mumkin. Ishsizlik g‘aznachilar, pochta xodimlari, hisobchilar va idora xizmatchilariga xavf solishi mumkinligi aytilgan. Sun’iy intellekt ularning vazifasini bemalol bajara oladi.

Har qancha e’tiroz va tanqidlarga qaramay sun’iy intellekt rivojlanishdan va odamlarga yordam berishdan to‘xtamayapti. Ayniqsa, tibbiyotda uning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Endilikda robotlar nisbatan murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham uddasidan chiqishyapti. Robot-shifokorlarning tibbiyot xodimlari bilan o‘ziga xos hamkorligi samaradorlikni ancha oshirdi.

Sun’iy intellekt aniq fanlar, moliyalashtirish, o'qitish, dizayn, pishirish, o'yin-kulgi va boshqa ko‘plab sohalarda o‘z o‘rnini egallaydi. Sun’iy intellektning “mehnat” qiymati juda past bo‘ladi, shuning uchun uni bepul yoki juda arzon narxlarda ishlatishimiz mumkin. Boshqa so‘zlar bilan aytganda, ilg‘or sun‘iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish dunyo aholisining tez o‘sib borayotgan hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi va turli xizmatlar bir necha marotaba yaxshilanadi. Katta ehtimol bilan inson hayotining farovonligiga yaqinlashtirishi mumkin.

Oldingi Keyingi