Ayollik nazokati nima va uni qanday rivojlantirish mumkin?
Ayollik nazokati — bu ayol fazilatlari ichida eng sirli va tushuntirilishi qiyin boʻlgan fazilatlardan biri. Uning qanday paydo boʻlishini, uni nima belgilashini va nima uchun har qanday ayol ham bunday fazilatga ega emasligini aytish juda mushkul.
Koʻpincha, ayollik nazokati bilan bogʻliq muammolar oʻzlarini erkin his qilolmaydigan va oʻzini borligicha koʻrsata olmaydigan qizlarda paydo boʻladi. Oʻziga xos boʻlmagan kishining niqobini taqib olishga urinishlar hamma narsada sun’iylik paydo boʻlishiga olib keladi, masalan, gapirish va oʻzini tutishdan to jamiyatdagi xatti-harakatlargacha bu holat kuzatiladi. Sun’iylik har doim koʻzga tashlanadi, taassurotni buzadi. Ayollik nazokatini topish yoʻlini ichki ozodlik, oʻzini qabul qilish bilan boshlagan ma’qul.
Ayollik nazokati sezgirlik, noziklik, mayinlik, samimiylik, vafodorlikdir. Bunday fazilatlarga ega boʻlgan qizni himoya qilish, unga gʻamxoʻrlik qilish, yordam berishni xohlashadi. Ayollik nazokati tashqi va ichki boʻlishi mumkin.
Quyida kuchli va ayollik nazokatiga ega ayolning nimaga qodir ekanligi haqida ba’zi misollar mavjud:
- taskin berishga;
- yarashtirishga;
- vaziyatni yumshatishga;
- atrofida iliqlik va qulaylik muhitini yaratishga.
Ayollik nazokatini mukammallashtirishda adob-axloq qoidalariga rioya qilish kerakligini unutmaslik kerak. Koʻpchilik bunga ahamiyat bermaydi, lekin agar bu narsadan toʻgʻri foydalana bilsangiz, bu sizga keyinchalik juda koʻp foyda keltiradi. Betakror xulq-atvor barcha e’tibor beradigan fazilat hisoblanadi. Unga:
- xushmuomalalik;
- mutanosiblik va doim keraklik hissi;
- oʻz-oʻzini hurmat qilish;
- suhbatdoshga hurmat kabi jihatlar kiradi.
Maktablarda ayollik nazokati haqida oʻrgatilmasa-da, siz bu haqda onangizdan yoki buvingizdan maslahat soʻrashingiz mumkin. Bu fazilatni oʻzlashtirib olishga hech qachon kechikmaysiz.