Birinchi siynabandni (byustgalterni) tanlash
Birinchi siynabandni tanlash — har bir yosh qizning hayotidagi hayajonli va katta ahamiyatli voqea.
Siynaband — shunchaki bezak emas, balki tanangiz uchun juda kerakli narsadir. Shuning uchun uni sotib olar ekansiz, birinchi navbatda chiroyiga emas, qulay boʻlishiga e’tibor berish kerakligini unutmang. Sotib olishdan avval uni albatta oʻlchab koʻrish lozim va quyidagi narsalarni doimo esda tutish kerak:
- siynaband koʻkrakni qattiq siqib, bosib turmasligi kerak;
- korset qismi kuraklardan pastroqda turishi kerak;
- juda keng va juda tor siynabandlarni sotib olmang. Keng siynaband koʻkrakni ushlab tura olmaydi, juda torlari esa uni oʻta siqib turadi, bu esa qon aylanishining buzilishiga olib keladi;
- siynabandning koʻkrak osti oʻlchamini shunday tanlash kerakki avvaliga uni eng yaqin ilmoqlariga taqish mumkin boʻlsin (vaqt oʻtib, elastik mato sal choʻzilgach, uni koʻproq tortib taqish mumkin boʻlsin);
- buyumni paxta va zigʻir kabi tabiiy va havo oʻtkazuvchi matolardan tanlang.
Sizga siynabandning qaysi oʻlchami toʻgʻri kelishini qanday bilish mumkin?
Buning uchun oʻlchov tasmasini olib, koʻkrak aylanasini va koʻkrak osti aylanasini oʻlchab koʻring. Kattaroq qiymatdan kichikroq qiymatni ayiring va ularning farqini quyidagi oʻlchamlar bilan taqqoslang:
10–12 sm — AA (0) oʻlchami
12–13 sm — A (1) oʻlchami
13–15 sm — B (2) oʻlchami
15–17 sm — C (3) oʻlchami
18–20 sm — D (4) oʻlchami
20–22 sm — DD (5) oʻlchami
Siynaband tanlayotganda shuni yodda tutingki, unga qarab kiyimingiz va hatto qaddi-qomatingiz ham oʻzgaradi. Moda va chiroy orqasidan quvmang, ilk bosqichlarda eng asosiysi unga koʻnikish va qulaylikdir.