Dekorativ pardozdan qanday foydalanish kerak?
Dekorativ kosmetikadan foydalanishdan avval, bir nechta oddiy qoidalarni eslab qolish kerak.
Birinchidan, me’yordan chiqib ketmaslik muhim. Sizning teringiz hozir juda koʻp oʻzgarishlarga uchraydi, lekin u doimo bunday yosh va nafis boʻlib qolmaydi. Oxirgi paytlarda dekorativ pardoz vositalari tarkibiga parvarishlovchi vositalar qoʻshilayotgan boʻlsa ham, uning tarkibida juda koʻp allergenlar boʻlishi mumkinligi sababli ular yetilish davrida oʻsmirning teri holatiga juda yomon ta’sir qilishi mumkin.
Onangiz yoki kosmetolog shifokor sizga terini toʻgʻri parvarish qilish uchun vositalarni tanlashda yordam berishini iltimos qiling. Har qanday pardoz sogʻlom va parvarish qilingan teriga yaxshiroq singib, chiroyli koʻrinadi, aksincha, dekorativ parvarishni ma'qul korib, terini parvarish qilmaslik toʻgʻri boʻlmaydi. Dekorativ pardozdan foydalanishni imkoni boricha kechroq boshlagan ma’qul. Chiroyli koʻrinishning eng yaxshi usuli — oʻz teringizni parvarish qiling va nuqsonlarini tuzating. Gigiyena — sogʻlom va goʻzal terining garovi va kelajakda yuzingiz bu uchun sizga rahmat aytadi.
Ikkinchidan, makiyajning oʻrinli ekanligi haqida doim oʻylab koʻring. Yorqin makiyaj har kunga va maktabga emas, koʻproq tantanali marosimlarga mos keladi. Murakkab va koʻp qavatli makiyaj anchadan beri modada emas va faqat fotosessiyalarda oʻrinlidir.
Rangli tush boʻyogʻi — goʻzallik sanoatidagi yangi trend. Bugungi kunda faqat qora va jigarrang tush emas, barcha ranglardagi tush boʻyogʻini ishlatish odatga kirib qoldi. Lekin yuzingizda bunday boʻyoqlar boʻlishi qayerda va qachon chiroyli boʻladi? Fotosessiyalarda, foto-loyihalarda, har xil qiziqarli loyihalarda bunday boʻyoqlar modaga mos boʻlib koʻrinadi va siz boshqalardan ajralib turasiz. Lekin kundalik hayotda boʻyanish uchun bunday boʻyoqlarni ishlatish toʻgʻri kelmaydi. Umuman olganda, yuz terisi juda yosh boʻlganda, makiyaj qanday boʻlishi kerak? Makeup «nomakeup» (ya’ni makiyajsiz makiyaj) — moda hozir aynan shunday. Tush boʻyogʻining an’anaviy va me’yordagi ranglaridan foydalanib, yuzingizning biron-bir qismlarini ajratib koʻrsatish doimo chiroyli koʻrinadi.
Yosh va goʻzal qizning vazifasi oʻz yuzini toʻgʻri parvarish qilishdir. Uyqudan oldin doimo kosmetikangizni yuvib tashlang va yuzga toʻgʻri parvarishlovchi vositalar surting. Masalan, yosh teri uchun krem, losyon yoki tonik surishingiz mumkin va bunda yuz terisining turiga qarab mos vosita tanlanadi. Yodda tuting, hatto parvarishlovchi vositalar ham yuzga yoqmasligi yoki allergiya keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun bunday vositalarni tanlashdan oldin kattalar bilan, ya’ni, onangiz yoki shiforokor-kosmetolog bilan maslahatlashing.