Keraksiz tuklardan qanday qutulish mumkin?
Ortiqcha tuklardan qutulishning koʻplab usullari mavjud. Ammo, biron-bir usuldan foydalanishdan oldin, sizga yaqin boʻlgan insoningizdan, ya’ni onangiz, opangiz, xolangiz yoki oʻzingiz ishonadigan insonlardan maslahat soʻrashingiz mumkin.
Bu sizning tanangiz va undagi ortiqcha tuklarni olib tashlash yoki qoldirish – sizning tanlovingiz.
Quyida esa keraksiz tuklardan qutulishning ba’zi usullarini keltiramiz:
- Ustara(britva). Bu eng oson va hamyonbop usul. Ammo, ustaradan ehtiyotkorlik bilan foydalanish lozim. Ehtiyotsizlik natijasida terini kesib olish mumkin. Ustara tuklardan qisqa muddatga xalos boʻlishga yordam beradi va odatda undan keyin sochlar qattiqroq va toʻqroq boʻlib oʻsadi. Yodingizda boʻlsin, hammaning britvasi individual(alohida) boʻlishi kerak.
- Depilatsiya uchun kremlar. Tozalash jarayoni tez va ogʻriqsizdir. Oʻsmirlarga mos maxsus kremlar mavjud va ularni 11-12 yoshdan boshlab ishlatish mumkin. Sotib olishdan oldin koʻrsatmalarni oʻqing. Preparatga allergik reaksiya yuzaga kelishini oldini olish uchun, kremni terining kichik joyiga sinov tariqasida surtib koʻring.
- Yulish – tuklarni pinset bilan olib tashlash jarayoni uzoq vaqtni talab qiladi va bir oz ogʻriqli kechadi. Shuning uchun sabr-toqatli boʻlishingiz kerak. Afzalligi, yulgandan soʻng tuklar sekinroq oʻsadi.
- Elektroepilyator – bu mexanik mashina boʻlib, xuddi pinset kabi tuklarni yuladi. Pinsetdan farqi tezroq va oʻzi tozalashida. Kamchiliklari: allergik reaksiyalar chaqirishi, keyinchalik singan va ichiga oʻsgan sochlar oʻsib chiqishi mumkin.
- Mum(vosk) va shakarli depilatsiya – tuklarni issiq, iliq mum yoki shakarli pasta yordamida olib tashlash. Natijada 2 haftadan 4 haftagacha teri silliq boʻlib turadi, keyin tuklar yana oʻsa boshlaydi, ammo har safar ingichkaroq va siyrakroq boʻlib oʻsadi. Ushbu muolaja ogʻriqli boʻlsa-da, har qanday yoshda qoʻllansa boʻladi.
- Lazerli epilyasiya 18 yoshdan boshlab amalga oshiriladi. Bu muolajani hayz koʻrish davri barqarorlashgandan keyin boshlash yaxshiroqdir. Muolaja natijasida tuklardan bir necha yillarga ozod boʻlish mumkin.
- Elektroepilyasiya. Bunda soch follikulasiga yupqa igna kiritiladi va uni nobud qilish uchun soch ildiziga elektr toki razryadi joʻnatiladi. Faqat ota-ona roziligi bilan qilish mumkin. Kamchiliklari: ogʻriqli, chandiq qolishi va infeksiya tushish xavfi mavjud.