Men hayz haqida nimani bilishim kerak?
Mening birinchi hayz davrim qachon boshlanadi?
Aksariyat qizlarda birinchi hayz 10 yoshdan 15 yoshgacha boʻlgan davrda boshlanadi.
Mening hayzim qancha muddat davom etadi?
Sizning hayzingiz odatda ikki kundan yetti kungacha davom etadi, ammo har bir qizda bu holat oʻziga xos boʻladi. Agar sizning hayzingiz yetti kundan ortiq davom etsa, ota-onangiz, ayol oʻqituvchingiz, dugonangiz yoki oʻzingiz yashaydigan tuman oilaviy poliklinikasidagi bolalar shifokori, yoki ayollar shifokori bilan maslahatlashing.
Men hayz vaqtida qancha miqdorda qon yoʻqotaman?
Hayz vaqtida ketayotgan qon sizga koʻpdek tuyuladi, lekin u atigi uch-toʻrt osh qoshiqni tashkil qiladi.
Hayz davomida har kuni bir xil miqdorda qon ketadimi?
Yoʻq. Hayzning avvalgi kunlarida sizda qolgan hayz kunlariga nisbatan koʻproq qon ketishi kuzatiladi va u hayzning oxirgi kunigacha asta-sekin kamayib toʻxtaydi. Bu hayzning ilk kunlarida sizda uning oxirgi kuniga nisbatan koʻproq gigiyenik tagliklarga ehtiyoj sezilishini anglatadi.
Agar gigiyenik tagliklar yonimda boʻlmasa va men uydan uzoqda boʻlsam, qanday yoʻl tutishim kerak?
Agar oʻqituvchingiz yoki dugonangiz sizga yordam bera olmasa, siz salfetka yoki tualet qogʻozini bir necha qavat qilib, vaqtinchalik taglik hosil qilishingiz va undan foydalanishingiz mumkin. Bu uzoq muddatga yordam bermaydi, ammo gigiyenik taglik topguningizcha yordam berishi mumkin.
Men hayz koʻrganim kimgadir oshkor boʻladimi?
Yoʻq. Aytishga qaror qilmasangiz, hech kim sizning hayz koʻrganingizni bilmaydi, chunki boshqa birovga koʻrinadigan yoki bilinadigan belgilari yoʻq. Ammo, agar bu sizning birinchi hayzingiz boʻlib, sizga yordam kerak boʻlsa, onangiz yoki dugonangiz bilan maslahatlashing.
Hayz vaqtida maktabga borib, sport bilan shugʻullansam boʻladimi?
Ha! Maktabga bormaslikka yoki odatdagi jismoniy mashqlar qilishni toʻxtatishga hech qanday sabab yoʻq. Gigiyenik tagliklarni maktabda oʻzgartirishingiz kerak boʻlsa, ularni yoningizda olib yurishingiz lozim.
Mening hayzim hali boshlanmagan! Nima qilay?
Biz turlichamiz va tanamiz har xil tezlikda rivojlanadi. Bu tashvishga sabab boʻlmaydi, sizga nima boʻlayotganini tushunishingiz uchun oʻqituvchingiz yoki tibbiyot xodimi bilan maslahatlashish yordam beradi. Agar 16 yoshdan oshgan boʻlsangiz va hayz koʻrishni boshlamagan boʻlsangiz, hayz davri yetti kundan ortiq davom etsa yoki sizning hayz koʻrishingiz boshlanib, keyin toʻsatdan toʻxtab qolsa shifokorga murojaat qilishingiz kerak.
Bir marta ishlatiladigan tagliklar va mato tagliklari oʻrtasidagi farq nimada?
Bir martalik tagliklar faqat bir marta ishlatiladi va keyin tashlab yuboriladi, mato tagliklarni esa ishlatib boʻlgach, yuvib va quritib, keyin yana ishlatishingiz mumkin.
Hayz boshlanganda shifokorga murojaat qilishim kerakmi?
Yoʻq. Hayz normal va tabiiy jarayondir.
Menda hayz boshqa qizlarda boʻlgani kabi oyiga bir marta kelmaydi. Nima qilay?
Vahimaga tushmang. Birinchi hayz koʻrganingizdan keyingi bir yoki ikki yil davomida hayzingiz biroz tartibsiz kelishi mumkin. Buning sababi, tanangiz moslashib olishi uchun vaqt talab etiladi. Shuni ham yodda tutingki, ayrim qizlar har 21 kunda, boshqalari esa 35 kunda hayz koʻrishadi. Oʻrtacha hayz orasidagi muddat taxminan 28 kunni tashkil qiladi.