Nega hayz koʻrishdan oldin koʻkrak oʻgriydi?
Agar hayz koʻrishdan oldin koʻkragingizda ogʻriqlar boʻlsa, xavotir olmang, bu mutlaqo normal holatdir. Bu hayz oldi sindromining koʻp uchraydigan alomatlaridan biri. Chunki sut bezlari va jinsiy a’zolar tizimi bir-biri bilan chambarchas bogʻliq.
Hayz koʻrishdan biroz avval sizning organizmingiz progesteron gormonini ishlab chiqarishni boshlaydi. Uning ta’sirida koʻkrak kattalashib, shishib ketishi va sezuvchanligi ortishi mumkin. Lekin koʻkrak har oy ham ogʻrimasligi mumkin. Ba’zan bu ogʻriq kamayishi yoki kuchayib ketishi, ya’ni har safar turli xil kechishi mumkin.
Hayz koʻrishdan necha kun avval koʻkrak ogʻriydi?
Oʻrtacha 7-10 kun avval boshlanadi. Ammo bu muddat har bir qizda individual boʻlib, u gormonal muvozanatga va hayz koʻrish sikliga bogʻliq. Ba’zida koʻkrak ogʻrishi ovulyatsiyadan keyin — hayz koʻrish siklining 11-15 kunlarida sezilishi mumkin.
Hayz koʻrishdan avval koʻkrak qanday ogʻriydi?
Bunda ikkala koʻkrakning bir xil joyi — ustki va markaziy qismi (soʻrgʻichlar sohasida) ogʻrishi mumkin. U ba’zida qoʻltiq ostiga yaqinroq oʻtishi, yelka yoki bel sohasigacha ham siljishi mumkin.
Koʻkrak «toʻlishadi», oʻlchami kattalashib, dumaloq boʻlib qoladi. Bu paytda u avvalgidan sezgirroq, ushlab koʻrganda qattiqroq boʻlib qolishi mumkin.
Koʻkrak ogʻrishi — hayz oldi sindromining alomatlaridan biridir. Uni yengish uchun sogʻlom turmush tarzini yuritishga, tanangizni parvarish qilishga harakat qiling, bunda toʻgʻri ovqatlanib, sport bilan shugʻullaning va oʻzingiz uchun qulay boʻlgan kiyimlarni kiyib yuring.