Nega menda koʻkraklar oʻsyapti?
Siz ulgʻaymoqdasiz, demak, sizning tanangiz ham oʻzgarib borayotganini sezmoqdasiz. Sizda bu dugonalaringizdan koʻra boshqacharoq kechayotgan boʻlishi ham mumkin, lekin xavotir olmang — har bir organizm oʻziga xos tuzilgan. Umuman olganda, koʻpchilik oʻzgarishlar sezilmay oʻtadi, ammo koʻkrak shakllanishi bundan istisno. Albatta, u bir kunda kattalashib qolmaydi. Bu uzoq muddatli jarayondir.
Avvaliga sut bezlari ozgina shishib qoladi, koʻkrak uchlari joyida kichik zichlashish paydo boʻladi. Uchlarining oʻzi kattalashishi va hatto rangi ham toʻqroq boʻlib qolishi mumkin. Bu mutlaqo normal holat.
Keyin sut bezlarining hajmi kattalasha boshlaydi. Baʼzan bu tez oʻtadi, baʼzan esa bir yil davomida oʻtadi. Vaqt oʻtib, koʻkrak shunday shakllanadiki, uchi va uning atrofi (areola) uning ustida koʻtarilib turgandek boʻladi. Mana shu bosqichida lifchik tanlash mumkin. U qulay boʻlishi va yaxshisi ichki qismida temirlari boʻlmasligi kerak.
Koʻkrakda kichik tukchalar oʻsib chiqishi mumkin — qoʻrqmang, bu mutlaqo normal holat. Bundan tashqari, areolada kichik doʻngchalar va nuqtalar paydo boʻlishi mumkin — ular koʻkrak uchini namlashtiradigan bezlarning chiqish joylaridir. Bu juda muhim va kerakli jihat boʻlib, u sizda farzand tugʻilganda juda yaxshi yordam beradi.
Koʻkrak rivojlangani sari, undagi teri noziklashib, qon tomirlari koʻrinib qolishi mumkin. Agar koʻkrak juda tez oʻsadigan boʻlsa, terida kichik tortilmalar paydo boʻlishi ham mumkin.
Odatda, 15-16 yoshga kelib koʻkrak butunlay rivojlanib boʻladi, lekin istisno holatlar ham boʻlishi mumkin. Jinsiy yetilish bilan birga koʻkrak oʻsishi ham yakunlanishi shart emas, chunki bu koʻproq tanangizning gormonal balansiga bogʻliq. Koʻkrakning kattaligi sizning tana vazningizga, salomatligingizga bogʻliq boʻlishi mumkin va u homiladorlik va sut emizish davrida ham ancha kattalashishi mumkin.
Shuni unutmangki, koʻkrak bir xilda oʻsmaydi. Bu normal holat: sizda avval chap koʻkrak, keyin oʻng koʻkrak oʻsib chiqishi mumkin. Tanamizning birorta aʼzosida ideal simmetriya boʻlmaydi, shuning uchun koʻpchilik ayollarda koʻkraklarning biri ikkinchisidan kattaroq boʻladi va odatda bu umuman sezilmaydi.