Nima uchun tananing ayrim joylarida tuklar oʻsadi?
Tananing kutilmagan joylarida soch va tuklarning oʻsishi – bu normal holat va sizning ulgʻayotganingiz haqida dalolat beradi. Oʻsmirlik davri bu qiz bolaning yosh ayolga, oʻgʻil bolalarning erkakka aylanish davridir. Bu jarayon har doim ham tekis oʻtavermaydi, koʻpincha turli sabablar tufayli oʻz tanasidan uyalish va qoniqmaslik kabi tuygʻular paydo boʻladi. Ba’zan oyoqlar, qoʻltiqlar va jinsiy sohada tuklarning paydo boʻlishi ham bundan uyalishga olib kelishi mumkin.
Qov tuklari – koʻkrak oʻsishi bilan birgalikda, balogʻat yoshiga yetkanlikning dastlabki belgilaridan biridir. Avvaliga ular juda nozik va kam boʻladi, asta-sekin ularning soni ortib boradi va qovning butun yuzasini qoplaydi. Soʻng qoʻltiq osti va oyoqlarda ham siyrak tuklar paydo boʻla boshlaydi.
Odatda, qov tuklari 9-14 yoshlarda paydo boʻladi. Taxminan 13 yoshdan boshlab, qoʻltiq ostida va oyoqlarda ham tuklar oʻsa boshlaydi. 16-17 yoshga kelib oʻsish toʻliq shakllanadi. Bularning barchasi qondagi gormonal oʻzgarishlarga bogʻliq. Endi jinsiy gormonlar bolalik davridagiga qaraganda koʻproq miqdorda ishlab chiqariladi.
Keraksiz sochlardan qanday qutulish haqida keyingi maqolada oʻqishingiz mumkin.