Tanam oʻzgarib bormoqda — menda hammasi joyidami?
Jinsiy yetilish — tanangiz kattalarnikidek yetuk tanaga aylanadigan juda hayajonli davr.
Sizda bu davr boshlanganmi? Odatda jinsiy yetilish 8-13 yoshda boshlanadi. Jinsiy yetilish hammada oʻziga yarasha tezlikda oʻtadi, koʻpincha u nasliy jihatlarga yoki organizmning boshqa xususiyatlariga bogʻliq boʻladi. Oilangizdagi ayollar bilan bu haqda gaplashing va bu bosqich ularda qanday oʻtganligi haqida surishtiring.
Keskin oʻsish. Bu jinsiy yetilishining eng birinchi belgilaridan biridir. Siz qisqa vaqt ichida ancha oʻsganingizni sezishingiz mumkin. Hattoki birgina yoz faslining oʻzida 7-12 santimetr oʻsishingiz ham mumkin! Tanangizda bunday keskin oʻzgarishlar, besoʻnaqay va qomati kelishmagan boʻlib koʻrinishingizga olib kelishining ehtimoli bor. Ammo siz xavotir olmang, organizmda suyaklar va mushaklarning oʻsishi bir-biriga yetib, muvozanatga kelganda, bularning hammasi oʻtib ketadi.
Qomatingiz oʻzgarishi. Tos suyaklari oʻsgani uchun sonlar kengayadi, koʻkrak kattalashadi, belingiz esa ingichkaroq boʻladi.
Koʻkrakning oʻsishi. Koʻkrak hayz boshlanishidan 2-3 yil avval kattalasha boshlaydi. U birdan kattalashib qolmaydi —bu uzoq jarayon boʻlib, notekis oʻtishi mumkin.
Tanadagi tuklar. Avval qoʻltiq ostida va qorin pastida ingichka tukchalar paydo boʻladi, vaqt oʻtib ular zichlashadi va qorayadi. Oʻsish zonasi ham kattalashadi: jinsiy yetilish yakuniga kelib, butun qin sohasida, hatto sonlarning tepasidagi ichki tomonda ham tuklar oʻsadi.
Yogʻli teri va sochlar. Qomatingiz bilan birga, teringiz ham oʻzgarib, yogʻliroq boʻlib qolishi mumkin, shu sababli koʻproq yalligʻlanishi mumkin. Husnbuzarlar nafaqat yuzingizda, balki boʻyinda, koʻkrakda va belda paydo boʻlishi ham mumkin.
Vaginal ajralmalar. Siz oʻz ich kiyimingizda oq yoki shaffof ajralmalarni koʻrishingiz mumkin — jinsiy aʼzolaringiz shu tarzda tozalanadi va namlanadi. Odatda bunday ajralmalar birinchi hayz koʻrishdan 6-18 oy avval boshlanadi.
Jinsiy yetilish qoʻrqinchli emas. Bu ajoyib jarayon boʻlib, organizmingizdan ancha quvvat talab qiladi. Shuning uchun oʻzingizni yaxshi parvarish qilishga harakat qiling, uxlash va ovqatlanish rejimiga rioya qiling, va doim koʻtarinki kayfiyatda boʻlshga harakat qiling!