TPKS: Nega hayz siklining buzilishi shunchaki “xususiyat” emas?
Sizda hayz sikli sababsiz buziladimi? Hayz kamdan-kam kelishi yoki butunlay yo‘qolib qolgan holatlar bo‘lganmi? Teri yog‘liroq bo‘lib, husnbuzarlar ko‘paygan, soch to‘kilishi yoki keraksiz joylarda o‘sishi boshlanganmi? Bular tuxumdon polikistozi sindromi (TPKS) belgilaridan bo‘lishi mumkin. Bu qizlar va ayollarda eng keng tarqalgan gormonal buzilishlardan biri hisoblanadi.
🌀 TPKS nima?
TPKS bu tuxumdonlar noto‘g‘ri ishlashi, gormonlar muvozanat buzilishidir. Shu sababli ovulyatsiya (tuxum hujayraning chiqishi) tartibsiz yoki umuman yo‘q bo‘lishi mumkin, bu esa kelajakda homiladorlik imkoniyatiga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, teri muammolari, vazn o‘zgarishi va boshqa noqulayliklar paydo bo‘lishi mumkin.
💡 TPKS borligini qanday bilish mumkin?
🔹 Tartibsiz yoki kamdan-kam keladigan hayz. Agar sikl 35 kundan uzoq davom etsa yoki 2-3 oy yoki undan ortiq vaqtga yo‘qolib qolsa, bu ogohlantiruvchi belgidir.
🔹 Tana tuklarining ko‘payishi. Yuz, ko‘krak, qorin sohalarida ortiqcha tuklar o‘sishi mumkin. Bu gormonlar buzilishi bilan bog‘liq.
🔹 Teri muammolari. Yuzning, ayniqsa iyak va pastki qismida kuchli husnbuzarlar paydo bo‘lishi mumkin.
🔹 Soch to‘kilishi. Sochlar ingichka va siyraklashishi, hatto kal joylar hosil bo‘lishi mumkin.
🔹 Vazn o‘zgarishi. Tans vazni sababsiz ortishi yoki uni nazorat qilish qiyin bo‘lishi mumkin.
🔍 Shifokor TPKSni qanday aniqlaydi?
✅ Tuxumdonlarning UTT tekshiruvi – TPKS bo‘lsa, tuxumdonlar kattalashgan va mayda kistalar (follikullar) bo‘lishi mumkin.
✅ Gormon tahlillari – qon orqali jinsiy gormonlar darajasi tekshiriladi.
🛑 TPKSni davolash mumkinmi?
TPKS umrbod hukm emas! Uni nazorat qilish va hayz siklini tiklash mumkin.
✔ Shifokor davolashni individual ravishda tanlaydi – bu turmush tarzini o‘zgartirish yoki dori vositalarini o‘z ichiga olishi mumkin.
✔ Jismoniy faollik va to‘g‘ri ovqatlanish gormonlar muvozanatini tiklashga yordam beradi.
✔ Agar zarur bo‘lsa, hayz siklini barqarorlashtirish va TPKS belgilarini kamaytirish uchun dori vositalari buyuriladi.
💬 Xulosa:
Agar hayzingiz tartibsiz kelsa, teri va soch bilan bog‘liq muammolar kuzatilsa, buni e’tiborsiz qoldirmang! TPKS erta aniqlansa, uni nazorat qilish osonroq bo‘ladi. Agar sizni biror narsa bezovta qilayotgan bo‘lsa– shifokorga murojaat qiling, u sizga yordam beradi!
Average Rating: ☆ ☆ ☆ ☆ ☆ (0 reviews)