Agar sizni hasharot chaqsa, nima qilish kerak?
Hasharotlarning chaqishi nafaqat yoqimsiz seziladi, balki ba’zi xavf-xatarlarga ham olib kelishi mumkin, bu haqda oldindan bilish va ularga qarshi kurashishni bilgan ma’qul.
Ular nimasi bilan xavfli?
Har qanday hasharot chaqqanidan keyin anafilaktik reaksiya paydo boʻlishi mumkin. Bu hammada ham emas, allergik reaksiyalari boʻlgan odamlarda kuzatiladi. Anafilaktik reaksiya yashin tezligida paydo boʻladi. Bunda kishi holsizlashadi, nafas olish qiyinlashadi, yurak urish tezligi ortadi va hatto hushidan ketish kabi holatlar kuzatiladi.
Arilar, oʻrgimchaklar va chayonlar oʻzini himoya qilish uchun chaqish nishiga ega boʻladi. Nish ichida zahar (zaharli modda) boʻlib, u chaqqan joyga kirib, kuchli ogʻriq va achishishni keltirib chiqaradi. Shishish, yalligʻlanish, qizarish va qichishish ham paydo boʻlishi mumkin. Allergiyasi bor kishilarda shu holatlar kuzatilsa, shoshilinch ravishda eng yaqin tibbiy muassasaga murojaat qilish zarur. Agar buning iloji boʻlmasa, koʻp miqdorda suv ichish va chaqish joyiga toza yoki antiseptik bogʻlama qoʻyish zarur. Chaqish joyini kavlash-teshish va hasharotlar nishini yoki zaharini olishga harakat qilish kerak emas, bu bilan vaziyat yanada yomonlashadi, tibbiy yordamni kutgan ma’qul.
Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
- Agar chaqishdan keyin alomatlar uzoq vaqt davomida kuchayib borsa.
- Sizni ogʻiz sohasida, tomoq yaqinida yoki koʻz atrofida hasharot chaqqan boʻlsa, chaqish joyi atrofidagi katta joy (taxminan 10 sm va undan ortiq teri maydoni) qizarib, shishib ketsa.
- Yiring yoki ogʻriqning kuchayishi, shishish kabi yuqumli kasallik qoʻshilishi belgilari boʻlsa.
- Yuqori isitma, holsizlik kabi infeksiya belgilari paydo boʻlsa.
Agar sizda yoki boshqa birovda quyidagi ogʻir (kuchli) reaksiya belgilari boʻlsa, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qiling:
- Nafas qisilishi yoki nafas olish qiyinlashuvi.
- Yuz, ogʻiz, tomoqning shishishi.
- Yurak urishi tezligining ortishi.
- Bosh aylanishi yoki holsizlik.
- Yutishga qiynalish.
- Hushdan ketish.
Hashorot chaqishini oldini qanday olish mumkin?
- Agar yaqin atrofda arilar, qovogʻarilar yoki asalarilar boʻlsa, xotirjam boʻlib asta u yerdan chetlashing, qoʻllaringizni silkitmang va ularni xaydashga harakat qilmang.
- Tabiatda yurar ekansiz tanani yopadigan kiyim kiying, oʻtlar ustida yalang oyoq yurmang.
- Hasharotlarga qarshi vositani ochiq teriga yoki kiyimga koʻrsatmalarga muvofiq surting.
- Sovun, atir suvi, atirlar, shampun va dezodorantlar kabi kuchli hidi boʻlgan parfyumeriyadan foydalanmang. Ular hasharotlarni sizga jalb qilishi mumkin.