Anesteziya qanday ta’sir qiladi?
Anesteziya vaqtida nerv impulslarining oʻtkazilishi bloklanadi. Natijada odamda ogʻriq, teginish va harorat sezgirligi pasayadi. Shuningdek, anesteziya paytida reflekslar (tananing turli ta’sirlarga javob reaksiyasi) va mushak tonusi pasayishi mumkin.
Bu qanday sodir boʻlishini batafsil koʻrib chiqamiz:
Insonning butun tanasi boʻylab ogʻriq retseptorlari joylashgan. Biron bir ta’sir natijasida reseptorlar javob qaytaradi, ya’ni ogʻriq haqida signal uzatadi. Soʻngra signal nerv tolasi boʻylab orqa miyaga uzatiladi. U yerdan ma’lumot inson tanasining asosiy kompyuteri boʻlgan bosh miyaga yetib boradi. Ma’lumot miya tomonidan qayta ishlanadi va ogʻriq shaklida organlar va toʻqimalarga uzatiladi. Anesteziya ta’sirida bu zanjir buziladi, ogʻriq impulslarining uzatilishi bloklanishi oqibatida oʻgʻriq sezilmaydi.
Mahalliy anesteziyada dori hujayra devorlariga kirib, u yerda sodir boʻlayotgan reaksiyalarni ishdan chiqaradi. Natijada impuls oʻtkazilmaydi, ya’ni ogʻriq hissi vujudga kelmaydi. Mahalliy anesteziya qilinganda bemor hushida boʻladi va uning ta’siri oʻrtacha 1-2 soat davom etadi.
Umumiy anesteziyaning miyaga ta’siri tufayli, u bemorning miyasida sodir boʻlayotgan ba’zi jarayonlarni ham bloklaydi. Shuning uchun narkozdan soʻng bemorda miyaning ishi bilan bogʻliq boʻlgan ba’zi muammolar paydo boʻlishi mumkin. Jumladan, uyquning buzilishi, ruhiy tushkunlik yoki kayfiyatning birdan oʻzgarishi, ishlash qobiliyatining pasayishi va surunkali charchoq sindromi, ma’lumotni eslab qolishda qiyinchilik, parishonlik, oʻrganish qobiliyatining pasayishi. Bu asoratlarning barchasi vaqtinchadir va odatda asta-sekin yoʻqolib ketadi.