Bosh terisini toʻgʻri parvarish qilish usullari
Koʻpchilik sochni parvarish qilishda asosan bosh terisini unutib qoʻyadi, lekin u soch turmagining sifatiga va goʻzalligiga bevosita ta’sir qiladi. Soch stilistlari va trixolog shifokorlar bosh terisining uch xil: quruq, normal va yogʻli turini ajratib koʻrsatadilar. Bu turlar soch follikulalarini oziqlantirib, ularga yaltirash va kuch bagʻishlaydigan sebum (teridagi yogʻ) qanday va qancha ajralib chiqishiga qarab ajraladi.
Bosh terisining turi odatda genetik jihatdan aniqlanadi, lekin u hayot davomida oʻzgarishi ham mumkin, ayniqsa faol gormonal oʻsish davrida, masalan, jinsiy yetilish davrida oʻz turini oʻzgartirishi mumkin.
Jinsiy yetilish davrida siz quyidagi muammolarga duch kelishingiz mumkin:
- terining kuchli darajada yogʻli boʻlishi;
- terining quruqligi;
- terining yalligʻlanishi va achishishi.
Yogʻli bosh terisi uchun maxsus shampunlar tanlaganda, sochlar va bosh yogʻdan yaxshilab tozalanadi, shampun soch tolalarini yengilroq qiladi. Boshni tirnoq bilan emas, uqalovchi harakatlar bilan yuvishga harakat qilish kerak, aks holda, boshingizni tirnab, teriga zarar yetkazasiz. Konditsionerlar va niqob vositalarini ildizlarga emas, faqat sochlarning uzunligi boʻylab surting. Namlantiruvchi vositalarni yuvish qiyinroq boʻladi, ortiqcha ozuqa moddalari esa yogʻning tezroq ajralishiga olib keladi.
Bosh terisi quruq boʻlishining bir nechta sabablari bor: notoʻgʻri parvarish qilish (siz sochingizni tez-tez yuvib turasiz, issiq fen bilan sochni quritasiz), ob-havo sharoiti (juda issiq va quyoshli ob-havo), shuningdek, ba’zi boshqa kasalliklar. Ovqatlanish ham bunga sabab boʻlishi mumkin — vitaminlar va oqsillarning yetishmasligi terining sogʻligʻiga ta’sir qiladi va quruqlikka olib keladi.
Bosh terisining qurishini qanday davolash mumkin?
Tarkibida silikon va sulfatlar boʻlmagan yumshoq namlovchi shampunlardan foydalaning. Ushbu komponentlar terini yanada quritishi va qichishishga olib kelishi mumkin.
Qichishish, qizarish — bularning barchasi terining yalligʻlanishi yoki achishishi belgilaridir. Bosh terisiga zarar bermaslik va sogʻligʻini toʻgʻri tiklash uchun koʻp e’tibor va gʻamxoʻrlik zarur boʻladi.
Achishishning bir nechta sabablari boʻlishi mumkin: notoʻgʻri ovqatlanish, vitamin yetishmasligi, biror sababga koʻra allergiya keltirib chiqaradigan shampunlar va kuchli stress shular qatoridan. Oʻzingizga va oʻzingizni qanday his qilishingizga e’tibor bering: agar bosh terisi ogʻrisa, qichisa va qazgʻoq toʻkilsa, trixolog shifokorga murojaat qilgan ma’qul.