Eshitish qobiliyatining pasayishini oldini uchun naushniklardan qanday foydalanish kerak?
Hozirgi kunda eshitish qobiliyati pasayishidan aziyat chekayotgan yoshlar soni oshib bormoqda. Buning asosiy sababi — quloqchinda musiqani uzoq vaqt va baland ovozda tinglash.
Quloqchindan (naushnikdan) toʻgʻri foydalanish orqali eshitish qobiliyatining pasayishini oldini olish mumkin. Buning uchun quyidagi qoidalarga rioya qilish kerak:
- Quloqchinni baland ovozda eshitmang. Musiqa ovozining balandligi maksimal koʻrsatgichning 60% idan oshmasligi kerak.
Quloqchin ovozi juda baland ekanligini qanday bilsa boʻladi? Agar yoningizdagi insonlarni suhbatini eshita olsangiz, balandlik normal hisoblanadi. Agarda, odamlar bilan muloqot qilayotganda siz baqirishga oʻtib ketsangiz, demak, ovoz juda baland. Siz tinglayotgan musiqa atrofdagi odamlarga eshitilmasligi kerak.
- Eshitish vositalaridan uzoq vaqt foydalanmang. Quloqchindan tinmasdan 60 daqiqadan koʻp, kuniga esa 120 daqiqadan koʻp boʻlgan vaqt davomida foydalanmang.
- Shovqin joylarda baland musiqa bilan atrofdagi tovushlarni “toʻsib qoʻyishga” urinmang (masalan, koʻcha va metro tovushlarini). Bunday holatlarda garnituradan yangrayotgan ovozni tavsiya etilgan balandlikdan yuqoriroq darajada tinglayotganingizni payqamay qolasiz.
- Musiqa yangrayotgan quloqchinlar bilan uxlab qolmang.
- Quloq gigienasiga rioya qiling (ayniqsa vakuumli quloqchindan foydalansangiz).
- Eshitish a’zolaringizga tez-tez dam bering – ba’zi-ba’zida sukunatda oʻtirishga vaqt ajrating, tabiat tovushlarini tinglang (yomgʻir, oʻrmonlar ovozi, qushlarning sayrashi).
- Quloqlaringizni boshqa baland tovushlarning ta’siridan himoya qilishga harakat qiling, masalan, zavodlardagi shovqindan, oʻq otish maydonidagi oʻq ovozlaridan. Buning uchun maxsus shovqinga qarshi quloqchinlar mavjud.
- Eng muhimi, yoʻlni kesib oʻtayotganda quloqchinni qulogʻingizdan yeching yoki musiqa/audioni oʻchiring.
Baland musiqa tufayli ogohlantirish signallarini eshitmay qolish hayotingizni xavf ostiga qoʻyadi.