Immunitet nima va uni “koʻtarish” kerakmi?
Keling, immunitet nima ekanligi va u qanday ishlashini tushunib olamiz. Immunitet yoki immun tizimi – organizmni tashqaridan kelgan barcha begona jismlardan himoya qiluvchi va oʻzida ishdan chiqqan yoki eskirgan hujayralarning yoʻq boʻlishini nazorat qiluvchi tizim. Immunitet bizni turli bakteriyalar, viruslar va boshqa zararli mikroorganizmlarning ta’siridan himoya qiladi. Xoʻsh, biz qanday qilib immun tizimimizga yordam bera olamiz? Sogʻlom odamning immun tizimi aralashuvga muhtoj emas. Shunchaki uning normal ishlashi uchun sharoit yaratib berish kerak. Birinchi navbatda, siz toʻgʻri ovqatlanishingiz va immunitet shakllanishi uchun zarur boʻlgan vitamin va mikroelementlar bilan organizmni boyitishingiz kerak.
Qaysi oziq-ovqat mahsulotlarida immunitet uchun foydali boʻlgan vitamin va minerallar mavjud?
- Vitamin D yoki kalsiferol – baliq yogʻi, lasos, baliq jigari, selyodka, sut mahsulotlari, tuxum sarigʻi;
- Vitamin C – na’matak, shirin qalampir, limon, apelsin, qora qaragʻat, chakanda(oblepixa), karam;
- Vitamin E – yongʻoq, pista, oʻsimlik moylari;
- B guruhi vitaminlari – goʻsht mahsulotlari, tuxum, jigar, boshoqli va donli mahsulotlar, yongʻoq, kartoshka, sut mahsulotlari;
- Vitamin A – baliq yogʻi, jigar, sabzi, sariyogʻ, koʻkatlar;
- Sink – qovoq urugʻi, qizil goʻsht, yongʻoq, grechka, pishloq.
Bundan tashqari, sogʻlom turmush tarzini olib borish kerak. Shunda organizm har qanday mikroorganizmlarga qarshilik koʻrsatish uchun doim tayyor boʻlib turadi. Buning uchun:
- Sogʻlom uyquga rioya qilish zarur: oʻz vaqtida uxlang va uygʻoning hamda kuniga 6-8 soatdan uxlang;
- Toza havoda tez-tez sayr qiling. Natijada quyosh nurlari sizni D vitamini bilan boyitadi;
- Faol turmush tarziga rioya qiling. Sport bilan shugʻullaning;
- Zararli odatlardan voz keching;
- Stressdan saqlaning;
- Tanani chiniqtiring.
Immun tizimi organizmdagi eng kam oʻrganilgan tizimlardan biridir, shuning uchun uning ishiga aralashuvlarda juda ehtiyotkor boʻlish kerak. Agar immunitetning jiddiy buzilishiga shubhangiz boʻlsa, shifokorga tashrifni kechiktirmang.