Issiq yoki quyosh urganda birinchi yordam qanday koʻrsatiladi?
Issiqlik urishi – tashqi yuqori haroratning uzoq vaqt ta’siri natijasida tananing umumiy qizib ketishi (yozda koʻchada, hammom va sauna kabi yopiq xonalarda, jamoat transportida). Bundan tashqari, zich sintetik kiyim ham tananing qizib ketishiga olib keladi.
Quyosh urishi – quyosh nuri boshga uzoq vaqt ta'sir qilishi natijasida rivojlanadigan holat.
Quyosh urishi issiqlik urishi bilan bir vaqtda vujudga kelishi mumkin. Quyosh va issiqlik urgan paytda tanada sodir boʻladigan jarayonlar oʻxshashdir.
Issiqlik va quyosh urishi belgilari:
- Tana haroratining koʻtarilishi;
- Terining qizarishi;
- Terlashning kuchayishi;
- Yurak urishi va nafas olishning tezlashishi;
- Bosh ogʻrigʻi, bosh aylanishi, kuchsizlanish, charchoq;
- Gandiraklab yurish;
- Uyquchanlik, esnash;
- Quloqlarda shovqin;
- Koʻngil aynishi, qusish;
- Issiqlik ta'siri uzoq vaqt davom etsa tana harorati 40° C gacha koʻtarilishi mumkin;
- Ogʻir holatlarda hushdan ketish va talvasaga tushish.
Ilk alomatlar yuzaga kelganda nima qilish kerak?
- Bemorni soyali joyga yoki kislorod yetarli boʻlgan va namlik darajasi normal boʻlgan salqin xonaga yotqizing.
- Yotqizib, ustki kiyimni yeching.
- Boʻyin va toʻpiqlar ostiga biror narsa qoʻyib, bosh va oyoqlarni koʻtaring.
- Bemorga koʻp miqdorda sovuq suv berish lozim, bunda ozroq shakar va tuz qoʻshib mineral suv bergan afzalroq.
- Bemorning yuzini sovuq suv bilan namlang, peshona va boʻyniga sovuq nam sochiq qoʻying.
- Biron bir matoni sovuq suv bilan namlang va koʻkragiga surting, yoki butun tanaga asta-sekinlik bilan 20° C dan issiq boʻlmagan suvni quying yoki hoʻl choyshab bilan oʻrab qoʻying.
- Boshga, boshning orqa qismiga va peshonaga sovuq kompress, muz boʻlagi yoki sovuq shisha idish qoʻying.
- Bemorga tez-tez shamol yelpib turing.
- Agar beixtiyor qusish boshlansa, nafas yoʻllariga ketib qolmasligi uchun uni bir oz yonboshlating.
- Koʻz oldi qorongʻulashganda, nafas olish qiyinlashganda, bemorga nashatir spirtni hidlatish va tez yordam kelguniga qadar jismoniy sovutishni davom ettirish lozim.
Nafas olish buzilganda, talvasa tutganda va hushdan ketganda, zudlik bilan tez yordamni (103 raqami) chaqirishingiz kerak!