It tishlaganda nima qilish kerak? Quturish nima?
Quturish — virusli kasallik boʻlib, kasal hayvon tishlaganidan soʻng paydo boʻladi. Bu kasallik asab tizimining jiddiy shikastlanishi bilan kechadi. Agarda oʻz vaqtida davo chorasi koʻrilmasa oʻlimga olib keladi.
Tishlagan har bir hayvon, birinchi navbatda quturish uchun potentsial xavfli deb hisoblanishi lozim.
Quturish kasalligi asosan itdan, shuningdek, mushuk, tulki, yenot va boʻri kabi hayvonlardan yuqadi. Infeksiya tishlanganda yoki tirnalganda, va asosan soʻlak orqali yuqadi.
Hayvon tishlaganda nima qilish kerak?
- Kamida 10-15 daqiqa davomida yara yuzasini oqib turgan suv va sovun bilan yaxshilab yuving (bunda kir sovunidan foydalangan avzalroq, chunki uning tarkibida virusni faolsizlantiradigan ishqor koʻproq). Shuningdek, tishlangan joyning yon atroflarini ham yuvib tashlang, chunki u yerga ham hayvon soʻlagi oqqan boʻlishi mumkin.
- Yarani 70% li spirt eritmasi yoki 5% li yod eritmasi yoki 3% li vodorod peroksid eritmasi bilan artish lozim.
- Steril bogʻlam qoʻying. Tarang va zich bogʻlamlardan imkon qadar foydalanmaslikka harakat qiling.
- Quturish va qoqsholni oldini olish va shoshilinch choralar koʻrish uchun moʻljallangan eng yaqin jarohatlarni davolash markaziga murojaat qiling.
- Jonivorni veterinarga koʻrsating.
Quturishga qarshi emlash — kasallikdan saqlanishning yagona chorasi. Ba’zi hollarda, agar 10 kundan keyin tishlagan it tirik va sogʻlom boʻlsa, u holda bemorni emlash toʻxtatiladi.
Asosiysi, quturishdan himoyalanish, uni oldini olish choralarini yodda tutish va ularga rioya qilish lozim:
- yovvoyi va koʻcha hayvonlariga yaqin bormaslik va buni bolalarga tushuntirish;
- uy hayvonining nojoʻya xatti-harakatidan (soʻlak oqishi, agressiv boʻlishi) ehtiyot boʻlish va bu haqida sanitariya xizmatiga xabar berish;
- uy hayvonlarini har yili quturishga qarshi emlatish lozim.