легкие.jpg

Jigʻildon qaynashi va undan qanday qutilish mumkin?

Jigʻildon qaynashi – bu qorinning yuqori qismida achishish yoki qizish hissi paydo boʻlishi.

Jigʻildon qaynashi qanday paydo boʻladi?

Odatda, biz iste’mol qilgan barcha narsa qiziloʻngach orqali pastga tushadi, soʻng qiziloʻngach va oshqozonni bogʻlaydigan qopqoq(sfinkter) orqali oshqozonga kiradi. Biroq, bu qopqoq boʻshashsa, oshqozon tarkibi qiziloʻngachga qaytib tushishi mumkin va natijada qizish hissi paydo boʻladi. Qiziloʻngach me’da shirasining agressiv ta’siridan himoyalanmagan, oqibatda u qizish hissini tugʻdiradi.

Jigʻildon qaynashi qachon paydo boʻladi?

  • ortiqcha ovqat yeb qoʻyganda;
  • tor kiyim kiyganda va siqib kamar taqqanda;
  • yogʻli, qovurilgan, oʻtkir ovqatlarni haddan tashqari koʻp iste’mol qilganda;
  • homiladorlik vaqtida;
  • ba’zi dori-darmonlarni qabul qilganda (aspirin, qon bosimini tushiradigan preparatlar)

Tez-tez jigʻildon qaynashini nima keltirib chiqaradi?

  • qiziloʻngach, oshqozon, ichak, oʻt pufagi kasalliklari;
  • siqilish va ruhiy zarba;
  • pishiriqlar, qahva, shokoladni koʻp iste’mol qilish;
  • spirtli ichimliklar, chekish.

Me’da qaynashi biroz bezovta qilganda antasid (me’da shirasining kislotaliligini kamaytiruvchi) dorilarni qabul qilish va ovqatlanishga oʻzgartirish kiritish kerak. Agar jigʻildon qaynashi kuchli boʻlsa va uzoq davom etsa, shifokorga murojaat qiling.

Jigʻildon qaynashini oldini olish uchun:

  • yotishdan oldin ovqatlanmang;
  • ovqatlangach egilmang va darrov yotib olmang;
  • yotganda tananing yuqori qismi 15-25 sm ga koʻtarilib turishi kerak;
  • pishiriq, shirinlik, achchiq va qovurilgan taomlarni hamda gazlangan ichimliklarni iste’mol qilishni cheklang;
  • toʻgʻri ovqatlaning;
  • muntazam ovqatlaning: 3 marta koʻp yegandan koʻra, 6 marta oz-ozdan yegan afzalroq;
  • chekish va spirtli ichimliklarni tashlash lozim;
  • qorinni siqib turadigan tarang belbogʻlar va kiyimlarni kiymang.

Jigʻildon qaynashi bu kasallik emas, balki oshqozonda rivojlanib borayotgan kasalliklarning belgisidir. Shuning uchun agar sizni jigʻildon qaynashi tez-tez bezovta qilayotgan boʻlsa, iloji boricha tezroq shifokor (gastroenterolog yoki terapevt) koʻrigidan oʻting.

Oldingi Keyingi