Koʻrish qobiliyati nima uchun yomonlashadi?
Koʻzning oʻtkirligiga koʻplab omillar taʻsir qiladi, irsiyatdan tortib to kundalik odatlargacha. Keling, koʻrish qobiliyatining buzilishiga olib keladigan asosiy sabablarni koʻrib chiqamiz.
- Koʻz kasalliklariga irsiy moyillik — bu inkor etib boʻlmaydigan omil. Ota-onalarimiz va buvi-bobolarimizdan meros boʻlib oʻtgan genlar koʻrish qobiliyatimizga ta’sir qilishi mumkin.
- Turli xil kasalliklar. Koʻrish organlari, markaziy asab tizimi, qon tomirlari, endokrin tizim kasalliklari. Bundan tashqari, ba'zi yuqumli va virusli kasalliklar ham sabab boʻlishi mumkin.
- Koʻzning shikastlanishi. Nafaqat kasalliklar, balki koʻzlar shikastlanishi ham ko’rishni yomonlashtirishi mumkin.
- Yosh. Yosh oʻtgan sari shakl va ranglarni ilgʻab olish uchun mas’ul boʻlgan pigment kamayadi, shuning uchun kattalar yoshlarga qaraganda yomonroq koʻrishadi.
- Zararli odatlar. Nikotin va spirtli ichimliklar tarkibidagi toksinlar butun tanaga salbiy ta’sir koʻrsatadi va qisman, koʻz tomirlaridagi normal qon aylanishini qiyinlashtiradi.
- Notoʻg'ri ovqatlanish. Ratsionda vitaminlar va mikroelementlarning yetishmasligi koʻrishning pasayishiga, yorqin nurni koʻtara olmaslikka va qorongʻuda yomon koʻrishga olib keladi.
- Kam yoki keragidan ortiq yorugʻlik. Xira yoki yorqin nurda koʻz strukturalari zoʻriqib ishlaydi. Bu koʻz toliqishiga olib keladi.
- Gadjet, mobil telefon, noutbuk va kompyuterlar ekrani oldida uzoq vaqt ishlash.
- Kitob oʻqish qoidalariga rioya qilmaslik. Yotib oʻqish, harakatdagi transportda oʻqish, mayda shriftlar va tanaffus qilmasdan oʻqish koʻzlarni zoʻriqtirib qoʻyadi.
- Qattiq charchash. Uyquning yetishmasligi, stress, koʻp ishlash kuchli charchoqqa olib keladi va koʻrishning pasayishiga sabab boʻlishi mumkin.
Koʻrish qobiliyatining pasayganini aniqlash yoki uni oldini olish uchun kamida yiliga bir marta oftalmologga uchrashish kerak.