vopros.jpg

Kvinke shishi nima va birinchi yordamni qanday koʻrsatish mumkin?

Kvinke shishi bu — oʻtkir, hayot uchun xavfli allergik reaksiya boʻlib, teri, teri osti toʻqimasi va shilliq qavatida toʻsatdan tarqalgan shish bilan namoyon boʻladi. Bunday reaksiya turli tabiatdagi allergiyaga moyil boʻlgan har qanday odamda kutilmaganda paydo boʻlishi mumkin.

Kvinke shishiga quyidagi allergenlar sabab boʻlishi mumkin:

  • oziq-ovqat mahsulotlari;
  • oʻsimlik va gul changi;
  • dorilar (koʻpincha antibiotiklar);
  • kosmetik mahsulotlar va parfyumeriya;
  • maishiy kimyo vositalari;
  • hasharotning chaqishi;
  • jonivorlar (juni, teri);
  • parazitar infeksiya;
  • virusli infeksiyalar;
  • sovuq, quyosh, suv va issiqlikning kuchli ta’siri.

Kvinke shishini quyidagicha aniqlash mumkin:

  • yuz, koʻz qovoqlar, lablar, boʻyinning qizarishi va shishishi;
  • shish tarqalgan qismlar kattalashadi, uning konturlari tekislanadi, qattiqlik seziladi;
  • shishlar joyida qizish, qichishish va ogʻriq hissi;
  • shish bilan qoplangan joylarda tortilish hissi;
  • teri rangi oqarishi;
  • shish juda tez rivojlanishi: 1daqiqadan 60 daqiqagacha;
  • ichki organlarda shish kuzatilsa qayt qilish, koʻngil aynishi, bosh aylanishi mumkin;
  • hiqildoq shishganda nafas qisilishi, taxikardiya (yurak urishi tezlashishi) va kuchli terlash kuzatiladi;
  • agar jinsiy organlar shishi yuzaga kelsa, peshob chiqarish qiyinlashadi;
  • xavotir va vahimaga tushish.

Eng katta xavf anafilaktik shok koʻrinishida namoyon boʻladi. Bu tomoqdagi Kvinke shishi bilan parallel ravishda sodir boʻladi. Unda bemor nafas olishga qiynaladi va natijada bu holat oʻlimga olib kelishi mumkin.

Shuning uchun agar odamda allergik reaksiyani sezsangiz, darhol harakat qilishingiz kerak:

  1. Tez yordam chaqiring (103) va bemorda Kvinke shishi kuzatilayotganini ta’kidlang;
  2. Iloji boʻlsa, allergiyaga qarshi dori bering;
  3. Agar allergiyani nima sababdan yuzaga kelganini bilsangiz, allergenni olib tashlang;
  4. Kvinke shishi dori yoki hasharotlar chaqishidan yoki inyeksiyadan soʻng sodir boʻlsa, hasharot chaqqan, inyeksiya qilingan joyning yuqori qismiga bosuvchi bogʻlam qilish zarur. Agar bintni qoʻllash iloji boʻlmasa, u holda oʻsha joyga sovuq kompress yoki muz qoʻyish kerak. Bu tanada allergen tarqalishini kamaytiradi;
  5. Bemorga toza havo kelishini ta’minlang. Yoqasini boʻshating, kamarini yeching, iloji boricha koʻproq kislorod bilan ta’minlang;
  6. Tez yordam brigadasi kelguniga qadar bemorni tinchlantiring, uning yonida boʻling.
Oldingi Keyingi