Tana harorati nima uchun pasayadi?
Hammaga ma’lumki, odam uchun normal tana harorati 36,6°C daraja hisoblanadi. Ba’zi insonlar past haroratda (36,5–35,4°C) ham oʻzlarini normal his qiladilar. Ammo, bolalar uchun tana haroratining 36,0 darajadan pastga tushishi xavf tugʻdirishi mumkin.
Tana haroratining pasayishi gipotermiya deb ataladi.
Bolalarda gipotermiyaning asosiy sabablari bu:
- sovuq urishi;
- dori-darmonlarni, masalan, isitma tushiruvchi dorilarni dozasidan koʻp qabul qilish;
- yetarlicha ovqatlanmaslik;
- suvsizlanish;
- immunitet bilan bogʻliq muammolar;
- qalqonsimon bez funksiyasining pasayishi;
- zaharlanish;
- stress va charchoq.
Bundan tashqari bolalar va kattalarda haroratning pasayishi quyidagi sabalarga koʻra ham vujudga kelishi mumkin:
- past havo harorati natijasida sovuq qotish;
- uzoq vaqt hoʻl yoki nam kiyimni kiyib yurish;
- sovuq suvda, sovuq buyumlar ustida uzoq vaqt boʻlish;
- tomir ichiga katta hajmda sovuq eritmalarni yuborish;
- turli xildagi intoksikatsiyalar, jumladan spirtli ichimliklar intoksikasiyasi;
- uzoq vaqt davom etgan kasallikdan soʻng tiklanish davri;
- homiladorlik;
- anemiyada(kamqonlik);
- markaziy asab tizimining zararlanishi;
- jismoniy zoʻriqish;
- modda almashinuv jarayonlari tezligining pasayishi;
- qon tomir kasalliklari.
Tana harorati tushganda nima qilish kerak?
Yengil sovuq urganda iloji boricha tezroq isinish kerak – buning uchun issiq xonaga kirib, nam va sovuq kiyimlarni yechib, quruq va issiq kiyinib, issiq choy yoki issiq suv ichish zarur.
Boshqa barcha gipotermiya holatlari tibbiy yordamni talab qiladi. Agarda odam oʻzining doimiy tana harorati 1–2°С darajaga tushganini sezsa, bu holat uzoq vaqt davom etayotgan boʻlsa va sovuq urishi bilan bogʻliq boʻlmasa terapevt bilan maslahatlashish lozim, zarur boʻlsa – nevrolog yoki endokrinologga ham uchrashish kerak boʻladi.