Nima uchun isitma chiqqanda siz sovqotasiz?
Yuqori harorat — juda yoqimsiz holat. Kasal odam bunda zaiflikni, ishtahaning yoʻqolishini, mushaklardagi ogʻriqni va doimiy sovqotishni boshdan kechiradi, koʻrpaga oʻralib olib, undan chiqmaslikka harakat qiladi.
Ayni paytda, isitma evolyutsiyaning bizga haqiqiy sovgʻasidir. Isitma natijasida organizm turli xil infeksiyalarga qarshi kurashib, turli mikroorganizmlarning koʻpayishi uchun chidab boʻlmas sharoitlar yaratadi.
Xoʻsh, bunday isitmali qaltiroqni nima keltirib chiqaradi?
Buning sababi tanamiz haroratini koʻtaradigan pirogen moddalaridir. Pirogenlar deganda turli viruslar va bakteriyalarni tushuniladi. Ular tana haroratini saqlab turish uchun mas’ul boʻlgan markaz — gipotalamusga kuchli ta’sir oʻtkazish xususiyatiga ega. Gipotalamus bakteriyalar bilan kurashish uchun tana haroratini koʻtarishga “qaror qiladi” va terlashni pasaytiradi, oyoq va qoʻllardan oʻtuvchi qon tomirlarini toraytiradi va teriga boruvchi qon oqimini pasaytiradi. Teri yuzasida haroratning pasayishi tufayli odam sovqotadi va koʻrpaga oʻralib olishni xohlaydi.
Ammo harorat ma’lum bir qiymatga yetganidan soʻng, gipotalamus teri tomirlarini kengaytiradi: sovqotish yoʻqoladi va odam isib ketishni boshlaydi.
Agar siz oʻzingizni yomon his qilsangiz, isitma chiqib sovqotsangiz, bu haqda kattalarga ayting. Shifokor ruxsatisiz dori-darmonlarni qabul qilmang.