Nima uchun terini quyoshdan himoya qilish kerak?
Insonlarning quyoshga boʻlgan munosabati ikki xil boʻladi. Ba’zilar har doim undan qochib yashirinadi, hatto yozda ham, uzun koʻylaklarni afzal koʻradi va bosh kiyim kiyishni unutmaydi. Ikkinchi turi, aksincha, har qanday imkoniyat boʻlganda yuzi va tananing boshqa qoraymagan qismlarini quyoshga tutib beradi. Bunday hollarda quyosh ultrabinafsha nurlarining organizmga ta’siri haqida bilish kerak.
Birinchidan, oqilona va me’yordagi quyosh ultrabinafsha nurlari organizm uchun nafaqat foydali, balki zarur ham. Axir, aynan shu nurlar organizmda D vitaminining ishlab chiqarilishida yordam beradi. Bu vitaminga suyaklarimiz va tishlarimiz mustahkam boʻlishi va umuman immunitetimiz toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq. Quyoshli kunlarda biz oʻzimizni baxtli, gʻayratli va baquvvatroq his qilishimizni sezganmisiz?
Ammo, aynan ultrabinafsha nurlari terining qarishini tezlashtiradigan asosiy omil hisoblanadi. Terining quyosh ta’sirida haddan tashqari uzoq vaqt davomida himoyasiz boʻlishi uning yuza qatlamiga va immun tizimiga zarar yetishiga olib keladi. Natijada terida fotoqarishning asosiy belgilari paydo boʻladi: teri quruqlashadi va xiralashadi, dagʻallashib, dogʻlar va ajinlar paydo boʻladi.
Yillar davomida terida toʻplangan quyosh nurlanishining salbiy ta’siri melanoma - teri saratoniga olib kelishi mumkin.
Quyoshning ultrabinafsha nurlari (UV nurlari) 3 turga boʻlinadi:
- UVC nurlari. Yer yuzasiga yetib bormaydi, shuning uchun ular teriga hech qanday ta’sir qilmaydi.
- UVB nurlari. Yer yuzasiga yetib, terining yuza qatlamlariga kirib, qorayishni ta’minlaydi. Ular terining kuyishiga olib keladi, foto qarishini keltirib chiqaradi, teri saratoni rivojlanishiga ta’sir qiladi va koʻzlar uchun xavfli boʻladi. Ular mart oyidan oktyabrgacha kunduzgi paytda eng faol boʻladi.
- UVA nurlari. Yer yuzasiga yetib boradi, terining yuza va chuqur qatlamlariga kiradi. Ular teridagi dogʻlar (giperpigmentatsiya), sepkillar, terining quruqligini va foto qarishini keltirib chiqaradi, kollagen va elastin tolalarini yoʻq qiladi. Ular genetik mutatsiyalar va teri saratoni xavfini oshiradi. Ular har doim (!) — yilning va kunning istalgan vaqtida faol ta’sir qiladi.
Quyosh nurlarining 80% gacha qismi bulutlar ichidan oʻtib, suv, muz, qor, asfalt, oʻt va qum yuzalaridan aks etib qaytadi. Aks ettirilgan nurlarning intensivligi toʻgʻridan-toʻgʻri nurlarga qaraganda yuqoriroq, shu bois quyoshli va bulutli ob-havoda, shaharda, plyajda, suzish va changʻi uchish paytida terini quyoshdan doim himoya qilish kerak.