Sogʻlom uyquga qanday qilib erishish mumkin?
Uyqu vaqtida miyadagi nerv hujayralari zararli moddalardan tozalanadi. Uyqu yetishmasligi insonni turli kasalliklarga, ortiqcha vazn toʻplashga, kayfiyatning oʻzgarishiga, xotirani pasayishiga va hokazolarga moyil boʻlishiga sabab boʻladi.
Bunday oqibatlarni qanday qilib chetlab oʻtish mumkin? Sogʻlom uyquga erishish uchun oddiy qoidalarga amal qilish kerak:
— Sifatli uyqu. Kattalar uchun kuniga taxminan 7-9 soat uxlash kifoya qiladi, ammo agar siz kamroq vaqt ichida uyquga toʻyayotganingizni his qilsangiz, uyquni davom ettirish uchun oʻzingizni majburlashingiz shart emas.
— Uyqu rejimiga rioya qiling. Har kuni bir xil vaqtda uxlashga harakat qiling (hatto dam olish kunlarida ham) — iloji boricha 22.00 dan kech uyquga yotmang.
— Gadjetlarni olib tashlang. Televizor, kompyuter, smartfon kabi elektron qurilmalarni yotoqxonadan olib tashlang yoki hech boʻlmaganda yotishdan 30 daqiqa oldin ularni oʻchirib qoʻying.
— Ovqatlanishingizni kuzatib boring. Oxirgi taomni yotishdan 2-3 soat oldin qabul qilgan boʻlishingiz kerak. Haddan tashqari koʻp yemang, yotishdan oldin yogʻli ovqatlardan saqlaning. Qahva (uxlashdan 6 soat oldin) yoki choydan hamda tarkibida kofein yuqori boʻlgan gazlangan ichimliklardan voz kechgan ma’qul.
— Tinchlantiruvchi muhit yarating. Xona juda issiq yoki sovuq hamda juda yorugʻ boʻlmasligi kerak. Yotishdan oldin xonani shamollatish foydali.
— Mashq qiling va piyoda yuring. Kun davomidagi jismoniy faollik kechasi yaxshi va oson uxlashga yordam beradi, lekin yotishdan oldin sport bilan shugʻullanish tavsiya etilmaydi. Iloji boricha ochiq havoda kechki sayr qilishni odat qiling.