Sizga 1-toifadagi qandli diabet tashxisi qoʻyildimi? Endi nima qilish kerak?
Koʻp insonlar, oʻzlariga diabet tashxisi qoʻyilganini ilk marotaba eshitganda, ularning hayoti bundan soʻng qanday oʻzgarishi haqida turli xil savollar bera boshlashadi. Kasallik kundalik hayotga qanday ta’sir qiladi? Imkoniyatlarni cheklaydimi? Biroq, 1-toifadagi diabet nima ekanligini tushunishni boshlaganingizdan soʻng, sizning qoʻrquvingiz tezda yoʻqoladi va siz yana baxtli va sogʻlom hayot tarzidan zavqlanishni davom ettirasiz.
1-toifadagi qandli diabet bilan kimlar kasallanadi?
Ushbu kasallik barcha yoshdagi odamlarda uchraydi, lekin bolalar yoki oʻsmirlarda bu hol koʻproq kuzatiladi.
Nima uchun bu kasallikka chalindingiz?
Bu savolga aniq javob boʻlmasa-da, bilishingiz kerakki, bu kasallik yuqumli emas, uning paydo boʻlishida siz aybdor emassiz va u shirinliklarni koʻp iste’mol qilganingiz tufayli paydo boʻlmaydi. Olimlar diabet bilan kasallanishni genetik moyillik, virusli kasalliklar yuqishi va atrof-muhit ekologiyasini buzilishi bilan bogʻliq deb bilishadi.
Sizni nima kutmoqda?
Bugungi kunga qadar kasallikni butunlay davolay oladigan dori vositasi ixtiro qilinmagan. Shunga qaramay, diabetni nazorat qilish mumkin va natijada diabet bilan kasallangan insonlar sogʻlom, muvaffaqiyatli va samarali hayot kechirish imkoniga egalar.
Qonda qand miqdorini nazoratda ushlab turish uchun, siz doktorga murojaat qilishingiz va uning maslahatlariga amal qilishingiz kerak. Iste’mol qilayotgan ovqatingizni nazorat qilish va jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish ham sizga ijobiy ta’sir qiladi.
Rejimga rioya qilinmasa, diabetning qisqa muddatli asoratlari paydo boʻlishi mumkin, masalan, qonda qand miqdorini pasayib ketishi yoki aksincha, koʻtarilib ketishi mumkin. Shuning uchun ham davolovchi doktor bilan maslahatlashish juda muhim.
Toʻgʻri davolanish va nazoratda boʻlishligi tufayli 1-turdagi diabetga chalingan ayollar homiladorlik davrini qiyinchiliksiz oʻtqazib, sogʻlom farzandlarni dunyoga keltira oladilar.
Eng muhimi, shifokor(endokrinolog) tavsiyalariga quloq solishdir. Natijada hayotingiz faol va baxtli ravishda davom etaveradi.