Tez yordamni qachon chaqirish kerak?
Koʻpincha, oʻzimizni yomon his qilishimiz bilan, darhol “103” qisqa raqamini teramiz. Aslida tez yordamni quyidagi holatlarda chaqirish kerak:
- Yoʻl-transport hodisasi roʻy berganda yoki koʻchada shikastlanganda, ogʻir qon yoʻqotish, hushdan ketish, tanada biror qismning sinishi va boshqa ogʻir jarohatlar bilan kechadigan favqulodda vaziyatlarda.
- Maishiy jarohat tufayli qon yoʻqotganda (oddiy kesilishlar emas), tananing qaysidir qismidan qon ketishida, shu jumladan, burundan uzoq vaqt toʻxtamay qon ketsa, qon bilan qayt qilinsa.
- Tinimsiz koʻkrak ogʻriganda yoki koʻkrak qafasida bosim sezilsa.
- Hushdan ketish, kuchli bosh aylanishi bilan qusish, tana haroratining 38,5 dan koʻtarilishida va tutqanoq tutganda.
- Hushdan ketish, nafas yetishmasligi, kuchli toshma, yuzning shishishi, kuchli yoʻtal, terining rangparligi, ayniqsa, ushbu alomatlarning kuchayib borishi bilan kuzatiladigan allergik reaksiyalarda.
- Har qanday sabablarga koʻra yuzaga kelgan, kuchli kuyishda (termik, kimyoviy va hokazo).
- Oʻtkir zaharlanish. Takroriy qusish, diareya (ich ketish), isitma boʻlsa, ayniqsa dori, qoʻziqorin, kimyoviy moddalar bilan zaharlanganda.
- Kuchli, spazmli qorin ogʻrigʻi, qorinning “toshday” qattiq boʻlishi va dispepsiya sindromi (koʻngil aynishi, qusish, qorin ishishi, kekirish).
- Nafas olishga qiynalganda (astma bu roʻyxatga kiritilmaydi, chunki u surunkali kasallik hisoblanadi. Bunday holatda bemor va uning yaqinlari hurujni qanday toʻxtatish kerakligini bilishlari kerak, chunki faqat bemor oʻz hayoti uchun javobgar boʻlib, u dori vositalarining dozasi va qabul qilinishiga qat’iy mas’ul boʻlishi kerak)
- Gipertenziv inqirozda – qon bosimining keskin koʻtarilib ketishi. Boshida qon bosimi juda yuqori boʻlmasligi ham mumkin, masalan, 180/100 mm.sim.ust, ammo inqiroz rivojlanishi bilan u 220/120 mm.sim.ust. va undan yuqori darajaga koʻtariladi.
Agar yuqoridagi holatlardan biri roʻy bersa, 103 raqami orqali tez yordam chaqirish uchun qoʻngʻiroq qilishingiz kerak.
Shuni yodda tutishingiz kerakki, tez tibbiy yordamning asosiy vazifasi ogʻir holatda shoshilinch yordam koʻrsatish (ya'ni kasallik belgilarini yengillashtirish yoki kasalxonaga yetib borgunga qadar bemorning hayotini saqlab qolish) va u keyingi davo uchun tavsiyalar bermaydi.