Yurak xuruji paytida nima sodir boʻladi?
Dunyo boʻylab har yili taxminan 7 million kishi yurak xurujidan vafot etadi va yurak-qon tomir kasalliklari dunyo miqyosida oʻlimning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Xoʻsh, yurak xurujiga nima sabab boʻladi?
Barcha mushaklar singari, yurak ham kislorodga muhtoj va xuruj paytida u yetarli miqdorda kislorod ololmaydi. Bizning koronar arteriya-tomirlarimiz orqali kislorodga toʻyingan qon yurakka oqib keladi. Ana shu tomirlarning devorlarida yogʻli birikmalar yoki chandiqlar oʻsib boradi, natijada kislorodli qon kelish yoʻli toʻsilib qoladi. Yurak mushaklaridagi qon oqimi kamaygach, bir necha daqiqadan soʻng hujayralar kislorod yetishmovchiligi tufayli oʻlishni boshlaydi. Bu miokard infarkti yoki yurak xurujidir. Davolanilmasa kishi holati keskin yomonlashishi mumkin. Shikastlangan mushak qonni oʻtkaza olmaydi va yurak urishi ritmi izdan chiqishi mumkin. Eng yomon holatlarda, yurak xuruji toʻsatdan oʻlimga olib kelishi mumkin.
Kishida yurak xuruji boshlanganini qanday bilsa boʻladi? Eng keng tarqalgan alomat bu koʻkrak ogʻrigʻi, ya’ni kislorodsiz qolgan yurak mushaklari ogʻrigʻidir. Odamlar buni kuchli siqish deb ta’riflaydilar. Ogʻriq chap taraf: chap qoʻl, jagʻ, bel yoki oshqozonga tarqalishi mumkin. Ammo bu har doim ham filmlarda koʻrsatilganidek toʻsatdan va keskin ravishda sodir boʻlmaydi. Ba’zi odamlar koʻngil aynishi yoki nafas qisilishini boshdan kechirishadi. Alomatlar ayollar va qariyalarda kamroq namoyon boʻlishi mumkin. Ular uchun asosiy signal bu zaiflik va charchoqdir.
Genetika va odamning turmush tarzi kasallik xavfiga ta’sir qiladi. Yaxshi yangilik shuki, ushbu kasallikning oldini olish sabablaridan biri turmush tarzini oʻzgartirishdir. Toʻgʻri ovqatlanish, chekishni tashlash, vaznni normallashtirish, koʻproq uyqu va kulgi siz uchun eng muhim boʻlgan mushaklarning doimo urib turishini ta’minlab bera oladi.