Оltin va kumush medallarga kimlar sazovor bo‘ladi?
Bitiruvchilarga medallar berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-fevraldagi 154-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda belgilangan.
Oltin medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, choraklik va yillik baholari a’lo bo‘lgan yoki akademik litseylarning hamma kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga taqdim etiladi.
Kumush medal umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik to‘g‘risidagi a’lo darajali shahodatnomasi mavjud bo‘lgan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflarida yoki akademik litseylarning hamma kurslarida barcha fanlar bo‘yicha yillik baholari a’lo bo‘lgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Har o‘quv yili yakunida medallar maktablarda ota-onalar va jamoatchilik vakillari ishtirokida bitiruvchilarga tantanali ravishda topshiriladi.
Oltin va kumush medallar bilan birgalikda bitiruvchilarga “a’lo darajali” shahodatnoma ham beriladi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerakki, oltin va kumush medallar bitiruvchilarni ma’naviy rag‘batlantirish uchun beriladi, unda oliy ta’limga o‘qishga kirish uchun imtiyozlar nazarda tutilmagan.
Oltin va kumush medallarni berish tartibi haqida batafsil ma’lumotlarni quyidagi havola orqali bilib olishingiz mumkin: https://lex.uz/docs/4211827