Apostil nima va nima uchun kerak?
Biron-bir mamlakat hududida tuzilgan hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqlash uchun maxsus shtamp “Apostille” qo‘yiladi.
Apostil — maxsus shtamp bolib, rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxsning imzosi haqiqiyligini, imzolash vakolati mavjudligini hamda hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan rasmiy hujjatdan chet elda foydalanish maqsadida qo‘yiladi.
Ushbu tartib xalqaro huquqiy hujjatlarda, jumladan, xorijiy rasmiy hujjatlarni qonuniylashtirish talabini bekor qiluvchi Gaaga konvensiyasida (1961-yil 5-oktabr) belgilangan. Mazkur tartib O‘zbekistonda ham joriy etilgan va uni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-dekabrdagi 732-sonli “Rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingan.
Apostil qo‘yish uchun fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat etishlari mumkin.
Ta’lim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo‘yicha apostil qo‘yish vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga berilgan.
Apostil quyidagi hujjatlarga qo‘yilmaydi:
- chet elda O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan sodir etilgan rasmiy hujjatlarga;
- tijorat yoki bojxona operatsiyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador bo‘lgan rasmiy hujjatlarga;
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportiga, identifikatsiya ID-kartasiga, harbiy biletga.
Apostil qo‘yish tartibi haqida batafsil ma’lumotlarni quyidagi havola orqali bilib olishingiz mumkin: https://lex.uz/docs/5757463