Bilimdagi bo‘shliqlarni qanday to‘ldirish mumkin?
Maktabda o‘tilayotgan darslarda barcha mavzularni birdek o‘zlashtirish qiyin kechadi, ayniqsa murakkab mavzular o‘tilganda, uni tushunib olish bir oz mushkul. Agar siz mavzuni dars vaqtida tushunmagan bo‘lsangiz, bu holat uy vazifalarini bajarishda qiyinchiliklar keltirib chiqaradi. Natijada keyingi o‘tiladigan mavzularni o‘zlashtirish ham qiyinroq bo‘ladi.
Xo‘sh, unda nima qilish kerak?
Birinchi navbatda, har bir mavzuni darsning o‘zida tushunib olishga harakat qilish kerak, agar ma’lumotlar sizga tushunarsiz bo‘lsa, dars davomida o‘qituvchiga qo‘shimcha savollar berishingiz mumkin.
Ikkinchidan, har bir mavzuni hayotga bog‘lagan holda tushunishga harakat qiling. Masalan fizika, kimyo yoki biologiya darsida sizga biror mavzu o‘tilayotgan bo‘lsa, ushbu xodisalar hayotda qay holatda uchrashini anglab yetsangiz, mavzuni o‘zlashtirish oson kechadi.
Uchinchidan, har bir mavzuni ko‘rgazmali qurollar, qo‘shimcha ma’lumotlar, suratlar va jadvallar asosida tushunishga harakat qiling.
To‘rtinchidan, yangi o‘tilgan mavzuni takrorlash orqali mustahkamlash ancha samara beradi.
Beshinchidan, mavzuga oid mustaqil topshiriqlarni yeching, uyga vazifani mas’uliyat bilan bajaring.
Shunda ham mavzuni o‘zlashtirishda qiyinchilikka uchrasangiz, o‘qituvchingizdan yordam so‘rang. U mavzuni sizga oson tilda, soddalashtirib tushuntirib berishi, qolaversa, ushbu mavzuni o‘zlashtirishda yordam beruvchi qo‘shimcha materiallar bilan bo‘lishishi mumkin.