Eksternat nima?

EKSTERNAT (lotincha “tashqi, begona” ma’nosini anglatadi) — shaxsning o‘quv muassasasi o‘quv dasturini mashg‘ulotlarga qatnashmasdan mustaqil o‘zlashtirishga asoslangan ta’lim tizimi.

Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida belgilangan. Unga ko‘ra, eksternat tartibidagi ta’lim dasturlari mustaqil ravishda o‘zlashtirishni nazarda tutadi, uning natijalariga ko‘ra ta’lim oluvchilar davlat ta’lim muassasalarida yakuniy va davlat attestatsiyalaridan o‘tishlari talab etiladi.

Bugungi kunda eksternat tartibidagi ta’lim olishni tashkil etish tartibi “Eksternat to‘g‘risidagi nizom (Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 11-mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2670)da belgilab qo‘yilgan.

Mazkur jarayonni sizga tushunarli bo‘lishi uchun qisqa savol-javob shaklida tushuntirib beramiz.

1.Kimlar eksternat tartibida attestatsiyadan o‘ta oladi?

Umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini davlat ta’lim standarti doirasida mustaqil o‘zlashtirgan O‘zbekiston fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar (eksternlar) eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tish huquqiga ega. Xususan, 9-sinf doirasida 16 yosh va undan katta yoshdagi, 11-sinf doirasida 18 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolar qatnashishi mumkin.

2.Eksternat tartibida imtihonlar pullikmi?

Eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

3.Eksternat imtihonlarini qayerda topshirish mumkin?

Hududiy xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan belgilangan maktablarda topshirish mumkin, bunday muassasalar har bir hududda bittadan tashkil etiladi.

4.Eksternat tartibida hujjatlarni qachongacha topshirish mumkin?

Har yili 1-martdan 1-mayga qadar belgilangan maktablarda topshirish mumkin.

5.Imtihonlar qanday tartibda o‘tkaziladi?

Har yili maktab bitiruvchilari (9 va 11-sinf) uchun belgilangan tartibda fanlardan yozma va og‘zaki tartibda topshiriladi.

6.Imtihonlardan o‘tganlarga qanday hujjat beriladi?

Eksternat tartibida yakuniy attestatsiyalarni muvaffaqiyatli topshirganlarga mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida (9 yoki 11-sinf) shahodatnoma beriladi.

7. Eksternat tartibida shahodatnoma olganlar oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishi mumkinmi?

Eksternat tartibida olingan shahodatnoma maktab bitiruvchisi uchun berilgan davlat namunasidagi shahodatnomaga tenglashtiriladi va ta’limning keyingi bosqichida davom ettirilishi uchun asosli bo‘ladi.

Oldingi Keyingi