IELTS topshirish uchun roʻyxatdan oʻtib boʻlgan boʻlsangiz, testni bekor qilish mumkinmi?

Hayotdagi vaziyatlar oʻzgarib, roʻyxatdan oʻtib boʻlgan testingizda qatnashishni ilojisi boʻlmay qolishi mumkin. Shunda siz testga qatnashishni bekor qilishingiz mumkin, ammo uning shartlari test turiga va test markaziga qarab farq qilishi mumkin.

Agar siz Brirish Council IELTS imtihoniga qatnashuvni bekor qilmoqchi boʻlsangiz, testgacha 5 haftadan (qogʻozda topshiriladigan IELTS uchun) yoki 2 haftadan (kompyuter IELTS uchun) koʻp vaqt qolgan boʻlishi lozim. Test uchun toʻlangan pulni qaytarib olishingiz mumkin, lekin toʻliq puldan ma’muriy toʻlov summasi ayirib olinadi. Test markazidagi test narxining 25 %i ma’muriy toʻlovlar uchun hisoblanadi.

Toʻlovni qaytarib olish jarayoni 4 dan 6 haftagacha davom etishi mumkin. Agar testgacha yuqorida koʻrsatilgan vaqtdan kamroq vaqt qolgan boʻlsa, toʻlovlar qaytarilmaydi.

Bu qoidaga istisnolar:

● Test topshiruvchining sogʻligʻi keskin yomonlashishi — kasalxonaga yotqizilishi, jiddiy jarohat yoki kasallik (shamollash kabi kichik kasalliklar hisobga olinmaydi). Albatta, buni tasdiqlovchi hujjatlaringiz boʻlishi lozim.

● Qarindosh yoki yaqin oila a’zosining oʻlimi.

● Agar nomzod jinoyat yoki yoʻl-transport hodisasiga uchrasa.

● Harbiy xizmatga chaqirilsa.

British Council bilan boʻlgan IELTS (Academic va General) imtihonini bekor qilish uchun siz Test topshiruvchi portaliga kirib, bekor qilish sababini tasdiqlovchi hujjatlar yoki dalillarni yuklagan holda testni bekor qilish toʻgʻrisida soʻrov yuborishingiz kerak.

Agar nomzod test sinovi oʻtkazilgan sanadan soʻng, besh ish kuni ichida kasal boʻlganligini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnomani testni bekor qilish haqidagi ariza bilan birga Test topshiruvchi portaliga taqdim etsa, test sinovi mablagʻlari maʼmuriy yigʻimning 25%ini ayirgan holda qaytarib beriladi.

Tibbiy ma’lumotnomalar faqat mahalliy yoki ingliz tilida qabul qilinadi. Hujjatlar test topshirilgandan keyin besh ish kuni ichida Test topshiruvchi portaliga yuklanishi kerak, aks holda siz test kunida kelmagan topshiruvchi sifatida belgilanasiz va barcha da’volar bekor boʻladi. Shuningdek, oila a’zolari tomonidan toʻldirilgan kasallik varaqalari test markazi tomonidan qabul qilinmasligini ham unutmang.

IDP tashkiloti orqali IELTS imtihonini topshiradigan barcha nomzodlar (qogʻoz yoki kompyuter farqi yoʻq) imtihondan 34 kun oldin ariza topshirgan taqdirda pulni qaytarib olishlari mumkin. Bunday holda, hech qanday hujjat taqdim etish shart emas, faqat sababni koʻrsatish kerak. Ma’muriy toʻlov bu yerda ham 25% ni tashkil qiladi. Test sinovi oʻtkazilishiga 34 kundan ikki haftagacha vaqt qolganda bekor qilinsa, ielts@edu-action.uz elektron pochta orqali test sinovini bekor qilish sababini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi kerak.

***Maqolada keltirilgan maʼlumotlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladi va maqola yozilgan sanada (01.03.2022) amalda hisoblanadi.

Oldingi Keyingi