Imtihonga bir hafta ichida, qiyinchiliksiz tayyorlanish mumkinmi?
Maktab vaqtlarida barcha o‘smirlar qarshisida turli xil test va imtihonlarga tayyorlanish masalasi turadi. Bularga qo‘shimcha ravishda bitiruv imtihonlari, oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlari, ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari sinovlari kabilarda ishtirok etish kerak.
Ushbu imtihonlarga qanchalik qattiq tayyorgarlik ko‘rishingizga qaramay, imtihon oldidan hayajon bosishi, xavotir va asabiylik (stress) kuzatilishi tabiiy hol. Biz sizga ana shunday holatlarga duch kelmaslik va imtihonlarga osongina tayyorlanish uchun bir necha tavsiyalarni beramiz:
- Vaqtingizni to‘g‘ri taqsimlang. Imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rishda shoshilish va asabiylashish kerak emas, ammo tayyorgarlik uchun vaqt cheagaralanganini yodda tutish kerak.
- Kun tartibiga rioya qiling. Imtihonga tayyorlanaman, deb uyqudan butunlay voz kechmang. Sog‘lom uyqu salomatlik uchun nihoyatda muhim. Uyqudan oldin eng qiyin fandan tayyorgarlik ko‘ring. Chunki uyqu vaqtida, axborotlar vaqtinchalik xotiradan doimiysiga o‘tish jarayoni ro‘y beradi.
- Muhim narsalarni yozib qo‘ying. Konspekt, darslik va qo‘shimcha adabiyotlarni tartib bilan saqlang. Kerak paytda ularni osongina topib oladigan bo‘lsin.
- Ovqatlanish tartibiga qat’iy rioya eting. Fast-fud, qandolat va boshqa sun’iy oziq-ovqatlardan voz kechib, meva va sabzavotlar, yormalar, baliq, tuxum, sut mahsulotlaridan ko‘proq iste’mol qilsangiz, xotirangiz mustahkamlanadi, diqqatingiz jamlanadi, ko‘rish qobiliyatingiz ham yomonlashib ketmaydi.
- Oxirgi daqiqalargacha o‘qimang. Oxirgi kun tungacha imtihonga tayyorlanish vaziyatni battar yomonlashtirishi mumkin. Uyqusizlik va charchoq natijasida miya ma’lumotlar oqimini nazorat qila olmay qolishi mumkin. Yaxshisi, tayyorgarlikni avvalroq boshlang va bir kun qolganda miyangizga dam bering. Miriqib uxlang, sayrga chiqing, o‘zingiz yaxshi ko‘rgan ovqatdan iste’mol qiling, yengilroq badiiy kitob o‘qing.
- Tanaffus qilib turing. Tayyorgarlik jarayonida vaqti-vaqti bilan tanaffus qilib turing. Bu paytda miyangizni chalg‘iting — toza havodan nafas oling, ozroq sayr qiling, biror narsa yeb oling.
- Materiallarni qismlarga ajratib o‘rganing. Masalan, rangli markerlar yordamida ma’lumotlarni belgilab oling: sariq qalam — muhim qoidalar, ko‘k — formulalar, yashil — davlatlar va hakozo.
- O‘zingizni sinov testlari bilan sinab turing. Shunda qaysi mavzuda xato qilayotganingizni bilib olasiz, ruhiy jihatdan ham tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lasiz.
- Dastlab oson savollardan boshlang. O‘z javoblaringizdan shubhalanmang, ichki ovozingiz (intuitsiya)ga quloq tuting. Qanchalik ko‘p shubhalansangiz, to‘g‘ri javobni belgilash imkoniyatingiz shunchalik kamayib ketadi. Bahsli savollarga ko‘p vaqt sarflamang, ularga keyinroq qayting.
- Imtihonga ertaroq keling. Shunda imtihon boshlanguncha hayajonli vaziyatga ancha moslashib ulgurasiz.