Ingliz tilini bilish salohiyatini tekshiruvchi xalqaro imtihonlar (1-qism)
Igliz tilida ta’lim berishni rejalashtirgan studentlar oʻz arizalarida ingliz tilini bilishlarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishlari kerak. Bu bilan ular oʻzlarida akademik tilni va yozuvni bilish, tushunish, tadqiqot yozuvlarini yozish va rahbarlar bilan samarali muloqot qilish uchun ingliz tilini kerakli darajasidagi bilimlari borligini isbotlaydilar. Maqolamizda sizga dunyoda eng keng tarqalgan toʻrtta ingliz tilini darajasini tekshiruvchi testlari: TOEFL, IELTS, CAE va CPE haqida umumiy ma’lumot berib oʻtamiz.
TOEFL — Test Of English as a Foreign Language
TOEFL eng mashhur va eng koʻp qoʻllaniladigan ingliz tilini bilish salohiyatini tekshiruvchi test hisoblanadi. Amerika universitetlari tomonidan qabul qilinadigan ikkita testdan biri hisoblanadi (yana biri IELTS).
Davomiyligi
Toʻrt soat
Shakli
Hozirda ikkita shakli mavjud: internet testi (iBT) va qogʻoz testi (pBT). Internet testi toʻliq kompyuterda topshiriladi, shu jumladan, testning ogʻzaki qismi ham. Javoblar yozib olinadi, yuboriladi va imtihon oluvchilar tomonidan baholanadi. oʻzbekistondagi talabalar pBT test topshiradilar.
Boʻlimlar
Oʻqilgan matnni tushunish, tinglab tushunish, gapirish va yozish boʻlimlari iBT variantda topshirilsa, pBT (paper-based, qogʻozda)da esa tinglash, oʻqish va grammatika boʻlimlari topshiriladi. Ogʻzaki nutq boʻlimida sizga alohida savollar va vaziyatlar berilib siz oʻz javobingizni mikrofonda yozib joʻnatishingiz kerak boʻladi. Hozirgi vaqtda koʻp oliygohlar iBT test topshirishingizni soʻramoqda.
Ballar hisoblanishi:
Har bir boʻlim 30 ball bilan baholanadi va maksimal ball 120 ni tashkil qiladi. Guvohnoma amal qilish muddati 2 yil.
Narxi
Test narxi oʻrtacha 185-190 AQSH dollarini tashkil etadi.
Qayerda
Roʻyxatdan oʻtish jarayoni haqida barcha ma’lumotlarni https://www.ets.org/toefl/test-takers/ibt/take/register sahifasiga kirib bilib olishingiz mumkin.
Yilda oʻtkiziladigan testlar soni
Sinov yiliga 50 martadan koʻproq oʻtkaziladi.
IELTS — International English Language Testing System (akademik versiyasi)
Ushbu xalqaro ingliz tili test tizimi butun dunyo boʻylab universitetlar va ish beruvchilar tomonidan keng eʼtirof etilgan test hisoblanadi. Testning ikkita versiyasi mavjud: akademik (academic) va umumiy (general). Universitetlar akademik versiyani talab qilsa, umumiy versiya ba’zi davlat idoralari tomonidan ish va immigratsiya uchun ruxsat olishda ishlatiladi.
Davomiyligi
3 soat
Shakli
TOEFL dan farqli oʻlaroq, IELTS ning ogʻzaki qismi imtihon oluvchi bilan shaxsan suhbat shaklida oʻtkaziladi. IELTS imtihonida turli xil savol formati mavjud: test, diagramma tavsifi, javoblarni matn bilan moslashtirish, qisqa javoblar va jumlalar bilan gaplarni toʻldirish.