Inklyuziv ta’lim nima?
Tengdoshlaringiz, sinfdoshlaringiz orasida imkoniyati cheklangan (nogiron) bolalar ham bor, to‘g‘rimi? Siz ular bilan do‘stlashib, birga dars tayyorlaysizmi, birga o‘ynaysizmi?
Axir ular ham siz kabi jamiyatda baxtli bo‘lishga haqli, shunday emasmi?
Inklyuziv ta’lim hamma bolalarning bir xil maktab va bir xil sinfxonada – bir xil sharoitda ta’lim olishini anglatadi. Ya’ni imkoniyati cheklangan bola sog‘lom bolalar bilan bir xil e’tiborda o‘qiy olishi kerak. O‘zbekistonda oilaviy sharoitidan qat’i nazar, barcha bolalar davlat umumta’lim maktablariga qatnaydi. Bu davlat tomonidan kafolatlangan.
Xo‘sh nega inklyuziv ta’lim zarur?
Ba’zan tengdoshlarimiz, maktabdoshlarimiz orasida yoki mahallada imkoniyati cheklangan bolalarni ko‘rib qolsak, tushunib-tushunmasdan uni ajratib qo‘yishga, u bilan muloqot qilmaslikka harakat qilamiz. Bu noto‘g‘ri, aslida ular bilan o‘rtoq bo‘lib, bir jamoa bo‘lib yashasak, ularning baxtli hayot kechirishlariga hissa qo‘shishimiz mumkin.
Jamiyatda har bir bola baxtli bo‘lishga haqli!
Ma’lumot uchun: Respublikamizda imkoniyati cheklangan bolalarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan 86 ta maktabda 22 mingdan ortiq, sanatoriy turdagi maktab-internatlarda 6 mingdan ortiq o‘quvchi, uy sharoitida esa 13 mingdan ortiq o‘quvchi ta’lim oladi. Hozirda O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 13 ming nafarga yaqin o‘quvchilar inklyuziv ta’lim bilan qamrab olingan. 2025-yilgacha 40% imkoniyati cheklangan bolalar inklyuziv ta’limga jalb etilishi rejalashtirilmoqda.