Inson umrini qanday uzaytirish mumkin?
Inson umrini uzaytirish doimo insoniyatning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib kelgan. Amsterdam va Garvard universitetlari olimlari foydali odatlar, jumladan, jismoniy mashqlarni muntazam bajarish va sog‘lom ovqatlanish inson umrini taxminan o‘n yilga uzaytirishi mumkin, deb hisoblaydilar.
Tadqiqotda 50 yoshdagi qariyib 100 000 kishi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanildi. Ular ilmiy ish boshlanganda hech qanday kasallik bilan og‘rishmagan. Qariyb 20 yil davomida ularning sog‘lig‘i kuzatib borilgan. Tadqiqotchilar ishtirokchilarning qaysilarida yurak-qon tomir kasalliklari, saraton yoki ikkinchi tip diabet paydo bo‘lgani hamda bu kasalliklar necha yoshda kelib chiqqani va ularning qancha umr ko‘rganligiga e’tibor qaratishgan.
Natijada mutaxassislar asosiy beshta xavfli omilni aniqlashdi: tamaki iste’mol qilish, alkogol iste’mol qilish, yog‘ yoki qandni haddan tashqari iste’mol qilish, nosog‘lom ovqatlanish, kam jismoniy faollik. Tana vazni indeksi bo‘yicha hisoblangan ortiqcha vaznning ham ahamiyati katta.
To‘g‘ri ovqatlangan, jismoniy faol, tamaki va alkogolni umuman iste’mol qilmagan, tana vaznini nazorat qilgan, umuman 4-5 ta foydali odatga ega bo‘lgan ayollar o‘rtacha 84,4 yil umr ko‘rishgan. Bu odatlarning birortasiga ham amal qilmagan ayol vakillari esa 73,7 yil yashashgan. Erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 81,1 va 73,5 yoshni tashkil etgan.
Ovqatlanishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish ham uzoq umr ko‘rishning birlamchi omillaridan biri hisoblanadi. Jismonan chiniqish, sport bilan shug‘ullanish bu jihatdan yanada samarali natijalar berishi mumkin.
Avvalo, organizm kasallik rivojlanishiga qarshi kurasha olishi lozim. Chunki o‘lim qarilikdan emas balki kasallik natijasida yuzaga keladi. Agar saraton va yurak-qon tomir kasalliklarini butunlay yo‘q qilgan taqdirimizda, inson umrini yana 10-11 yilga uzaytirishning imkoni bo‘lar edi.
Bundan tashqari, olimlar hozirgi paytda uzoq yashashning yangi forma va usullari ustida tadqiqotlar o‘tkazmoqdalar. Masalan, parhez yo‘li bilan oshqozon-ichak va qonni zaharli moddalardan tozalash bo‘yicha boshlangan tajribalar shular jumlasidandir.