Iste’dod va qobiliyat nima?
Qobiliyat — insonning individual salohiyati, imkoniyatlari. Qobiliyatni bilim va ko‘nikmalar bilan chalkashtirib yubormang. Zero bilim ta’lim olish va tajribalar bilan qo‘lga kiritiladi.
Iste’dod (talant) — qobiliyatning yuksak darajasidir. Kishining bilimlarni o‘zlashtirishi, nazariy va amaliy masalalarni hal etishi, ijodi, o‘z bilimi va malakalarini hayotga tatbiq qila bilishidan uning iste’dodini bilish mumkin. Iste’dod irsiyat orqali o‘tadi; tarbiya orqali paydo qilinadi; insondagi tabiiy, tug‘ma anatomik-fiziologik layoqat muayyan faoliyatda shakllanadi va rivojlanadi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarida iste’dodni quyidagicha ta’riflaydi: “Haqiqiy iste’dod hech kim ko‘ra olmagan narsani ko‘ra olishdir”; “No‘noq haykaltarosh tirik odamni shohsupagacha chiqarib qo‘ysa ham o‘likka o‘xshaydi. Haqiqiy haykaltarosh o‘lik jondan yasagan haykal tirikka o‘xshaydi”.
Qobiliyatni rivojlantirish talantni vujudga keltiradi. Har bir inson o‘ziga xos qobiliyatga ega bo‘ladi. Agar o‘z tengdoshlaringizni kuzatsangiz, kimgadir rasm chizish qiziq bolsa, kimdir o‘z qo‘llari bilan narsa yasashni uddasidan chiqishini, kimdir she’r yodlashni yaxshi ko‘rishini payqaysiz. Natijada qiziqishlar qobiliyatga, qobiliyat esa talantga aylanadi. Shuning uchun o‘z qobiliyatlarini aniqlash va ularni rivojlantirish juda ham muhim.