Kasb tanlashda nimalarga e’tibor qaratish kerak?
Har birimiz bolalikdanoq o‘zimiz hohlagan kasb egasi bo‘lishni orzu qilamiz. Kasb tanlash – har bir inson hayotidagi eng muhim tanlovlardan biri. Kasb – nafaqat daromad topish manbai, balki umrning asosiy qismi sarflanadigan faoliyat hamdir.
Psixologlar bunday mas’uliyatli qaror qabul qilishda o‘smirlar nafaqat atrofdagilarning tavsiyasiga tayanib qolmasdan, o‘z iqtidori, qiziqishi, layoqati, moyilligini aniqlab olishi ham muhim deb hisoblaydilar. Bu borada sizga psixologik testlar yordam beradi.
O‘zingizda qaysi kasbga moyillik va qiziqish yuqori ekanini psixologik testlar orqali birlamchi bosqichda aniqlab olishingiz mumkin.
Turli kasblar, istiqbolli yo‘nalishlar va mutaxassisliklar to‘g‘risidagi bilimingizni mustahkamlashingiz va sizni qiziqtirgan kasblar bilan tanishib borishingiz kerak.
Kelajakdagi kasbingiz haqida qaror qabul qilganingizdan so‘ng, u haqida iloji boricha ko‘proq bilimlarga ega bo‘lishga harakat qiling. Buning uchun turli o‘quv-guruhlari bo‘lgan ko‘plab ixtisoslashgan maktablar va kurslar mavjud bo‘lib, ular transport vositalari mexanikasidan tortib, tadbirkorlikkacha o‘zingizni sinab ko‘rish imkoniyatini beradi.
Asosiy tanlovdan tashqari, qo‘shimcha ravishda e’tiborga olinuvchi “zaxira” tanlov ham bo‘lishi kerak. Chunki hayotda nimalar bo’lishini oldindan bilib bo‘lmaydi, unda har qanday holat ro‘y berishi mumkin.
Tanlangan yo‘nalish bo‘yicha o‘qishning imkoniyati bo‘lmasa tushkunlikka tushmaslik kerak va boshqa maqbul variantlarni ham ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.
Ota-ona tomonidan beriladigan maslahatlar albatta foydali, lekin yakuniy qarorni mustaqil qabul qilishga harakat qiling.
Agar otangiz yoki onangizning kasblarini davom ettirmoqchi bo‘lsangiz, bu albatta juda yaxshi. Lekin bunga sizni hech kim majburlashi kerak emas. Otaning yoki onaning shu kasbda o‘z baxti va muvaffaqiyatini topgani o‘g‘il yoki qizda ham xuddi shu narsa takrorlanadi degani emas. Inson yoqtirmagan ishi bilan butun hayoti davomida shug‘ullansa, o‘zini baxtsiz his qiladi.
Quyidagi bir qancha maslahatlarni ham e’tiborga oling:
- kasb tanlashda, sizni yaqindan biluvchi insonlar – oila a’zolaringiz, do‘stlaringiz bilan maslahatlashing;
- yangi kasb sohalari haqida ommaviy axborot vositalaridan ko‘proq ma’lumot olishingiz mumkin;
- katta talabga ega kasblar haqida ma’lumotni maxsus onlayn-resurslar orqali olish ham mumkin;
- kasb tanlashda istaklaringiz va hayotdagi maqsadlaringizdan kelib chiqing;
- imkoniyat bo‘lsa, kasb tanlash bo‘yicha malakali mutaxassis bilan maslahatlashish maqsadga muvofiq.