Учитель.png

Maktabda o‘quvchilar telefondan foydalanishi mumkinmi?

Bugungi kunda telefonsiz hayotimizni tasavvur etish qiyin, ayniqsa shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda tezkor axborot olish uchun mobil telefonlarning ahamiyati beqiyos. Mobil telefonlarning bugungi imkoniyatlari nafaqat aloqa vositasi, balki internet orqali axborot olish, ijtimioiy tarmoqlardan foydalanish va boshqa imkoniyatlarni ham bermoqda.

Shunday bo‘lsa-da, o‘quv dargohida mobil telefonlardan foydalanish tartib-qoidalari belgilab berilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2012-yil 21-mayda “Ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Unga ko‘ra, ta’lim muassasasiga kirib kelishda har bir o‘quvchi, o‘qituvchi va boshqa shaxslar uyali aloqa vositasini to‘liq o‘chirib qo‘yishi shart. Telefon faqat maxsus g‘iloflarda, sumka va portfellarda olib yurilishi kerak. Ta’lim oluvchilarga telefon vositalarni bo‘yinga osib yurish, shim va yubka cho‘ntaklarida olib yurish, dars vaqtida esa ulardan foydalanish qat’iyan ta’qiqlanadi.

Qaysi holatlarda maktabda telefondan foydalanish mumkin?

Ta’lim muassasasida ta’lim oluvchilarga mashg‘ulotlar va tadbirlar oralig‘ida faqat asosli holatlarda ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchilar), yaqin qarindoshlari, ta’lim muassasalarining rahbarlari yoki xodimlari bilan zudlik bilan bog‘lanish maqsadida telefonlardan foydalanishga (qo‘ng‘iroq qilishga, SMS, MMS, GPRS jo‘natishga, Bluetooth, Internet va shu kabilar xizmatidan foydalanishga) ruxsat etiladi.

Mashg‘ulotlar va turli tadbirlar oralig‘ida telefon orqali so‘zlashish uchun dars xonasidan yo‘lakka yoki foyega chiqish, past ovozda va qisqa muloqot qilish zarur.

Favqulodda vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda ta’lim muassasalarida telefondan foydalanish cheklanmaydi.

Oldingi Keyingi