Maktabdan tashqari ta’lim nima?
Maktabda o‘qib yurgan vaqtingizda to‘garaklar, sport seksiyalariga qatnashganmisiz? Buning uchun qayerga qatnagansiz, sport maktabigami? “Barkamol avlod” bolalar maktabigami yoki musiqa va san’at maktabigami? Ushbu ta’lim muassasalari maktabdan tashqari ta’lim muassasalari hisoblanadi.
Bolalarning ehtiyojlarini qanoatlantirish, bo‘sh vaqti va dam olishini tashkil etish uchun davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek, tijorat tashkilotlari madaniy-estetik, ilmiy, texnikaviy, sport yo‘nalishidagi maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini tashkil etishi mumkin.
Maktabdan tashqari ta’lim bolalarga uzluksiz ta’lim berishning tarkibiy qismi sifatida ularning iste’dodi va qobiliyatini rivojlantirishga, ma’naviy ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan. Maktabdan tashqari ta’lim berish tartibi ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organi tomonidan belgilanadi.
Maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari jumlasiga bolalar, o‘smirlar ijodiyoti saroylari, uylari, klublari va “Barkamol avlod” bolalar maktablari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, bolalar musiqa va san’at maktablari, studiyalar, axborot-kutubxona hamda sog‘lomlashtirish muassasalari kiradi.
“Barkamol avlod” maktablarida o‘quvchilar qiziqishi va talabiga ko‘ra “STEAM – ta’lim” (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – muhandislik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi joriy etilgan.