Maktablarda yakuniy davlat attestatsiyasi nima?
Har bir o‘quvchi maktabni tamomlagach, bitiruv imtihonlarini topshiradi. Bu bitiruv imtihonlari yakuniy davlat attestatsiyasi shaklida topshiriladi.
Yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazish tartibi “Umumiy o‘rta ta’lim oluvchilarning yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risida”gi nizomda (Adliya vazirligidan2008-yil 20-martda 1778-son bilan ro‘yxatga olingan) belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, maktab bitiruvchilarining bilimi, malaka va ko‘nikmalariga qo‘yilgan talablarning bajarilishi bo‘yicha yakuniy attestatsiya o‘quv yilining yakuni bo‘yicha o‘tkaziladi.
Yakuniy attestatsiyaga barcha fanlardan ijobiy baho olgan o‘quvchilar kiritiladi, ya’ni agar o‘quvchi ikki va undan ortiq fandan “2” (qoniqarsiz) baho olsa imtihonlarga kiritilmaydi. Shuning uchun barcha fanlarni o‘zlashtirishga harakat qiling. Yakuniy attestatsiyaga kiritilmagan bitiruvchiga attestat berilmaydi.
Bitiruvchi sinflarda yakuniy attestatsiya o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxati, shakli va muddatlari har o‘quv yilida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Bugungi kunda bitiruvchilar 5-7 ta fandan imtihon topshiradilar.
Imtihonlarni maktabda tashkil etilgan yakuniy attestatsiya komissiyasi o‘tkazadi. Imtihonlar yozma yoki og‘zaki usulda o‘tkaziladi. Ona tili va matematika fanidan albatta yozma shaklda imtihon bo‘ladi.
Turli sabablarga ko‘ra, imtihonlarni topshira olmagan o‘quvchiga ikki hafta muddat ichida takroran topshirish imkoniyati beriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan kasallik turlari bilan kasallangan bitiruvchilar yakuniy attestatsiyadan ozod etilishi mumkin.
Yakuniy attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘quvchilar takroran o‘qish uchun sinfda qoldiriladi.
Bitiruv imtihonlari va yakuniy attestatsiyadan ozod etish tartibi haqida batafsil ma’lumotlar bilan quyidagi havola orqali tanishib chiqishingiz mumkin: https://lex.uz/docs/1331874