Nostrifikatsiya nima?
Sizning ba’zi tengdoshlaringiz turli sabablarga ko‘ra xorijiy mamlakatlarda ta’lim oladi. Xorijiy mamlakatlarda berilgan ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlar (diplom va attestat)ni O‘zbekiston Respublikasida tan olinishi va tenglashtirilishi jarayoni nostrifikatsiya deb ataladi.
Nostrifikatsiya jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibini takomillashtirish haqida”gi 620-sonli qarorida belgilangan. Mazkur qaror bilan “Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi nizom ham tasdiqlangan.
Nostrifikatsiya jarayonlarini o‘tkazish va xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olinganligi bo‘yicha sertifikat berish vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga berilgan.
Xorijiy mamlakatlarda ta’lim olib qaytgan shaxslar hujjatlarini nostrifikatsiya qilish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat etadilar.
Shuni ta’kidlash joizki, 1992-yil 1-yanvardan so‘ng xorijiy davlatlarda olingan hujjatlar (diplom va attestat) nostrifikatsiya qilinadi.
O‘rta ta’lim to‘g‘risida berilgan hujjat (attestat)larni tan olish, nostrifikatsiyalash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi tomonidan bepul amalga oshiriladi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar (professional), oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish ta’limi olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Maktab, kasb-hunar ta’limi muassasalari va malaka oshirish hujjatlari, hamda dunayodagi TOP-1000 talik ro‘yxatga kirgan oliy ta’lim muassasalarining diplomlarini tan olish va nostrifikatsiyalash jarayoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) amalga oshiriladi.
Nostrifikatsiyalash tartibi haqida batafsil ma’lumotlarni quyidagi havola orqali bilib olishingiz mumkin: https://lex.uz/docs/4441142