Onlayn ta’lim nima?
Dunyoda 2020-yili ro‘y bergan koronavirus epidemiyasi tufayli 1,5 milliarddan ortiq maktab va universitet o‘quvchi va talabalari masofaviy, onlayn ta’limga o‘tdi. Bu holat zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari vositalarining ta’lim jarayoniga kirib kelishini va an’anaviy o‘qitish usullariga qo‘shimcha ravishda yangi o‘qitish shakli – onlayn (masofaviy) ta’lim joriy qilinishini tezlashtirdi.
Masofaviy ta’lim – o‘qituvchi va o‘quvchilarning masofadan turib bir-biri bilan o‘zaro munosabatini, o‘quv jarayoniga xos bo‘lgan barcha tarkibiy qismlarni (maqsadlar, tarkiblar, uslublar, tashkiliy shakllar, o‘quv qo‘llanmalari) aks ettiradi va o‘ziga xos internet texnologiyalarining vositalari yoki interfaollikni o‘z ichiga olgan boshqa vositalar bilan amalga oshiriladi.
Onlayn ta’limda o‘quvchi va o‘qituvchi bir-biridan ajralgan holda o‘zaro maxsus yaratilgan o‘quv kurslari, nazorat shakllari, elektron aloqa va internet texnologiyalari yordamida doimiy muloqotda bo‘ladilar.
Masofaviy ta’lim mustaqil o‘qitish shakli bo‘lib, unda axborot texnologiyalari yetakchi vositadir. Zamonaviy masofaviy o‘qitish quyidagi asosiy elementlardan foydalanishga asoslangan: axborot uzatish vositasi (pochta, televideniye, radio, axborot va aloqa tarmoqlari), axborot almashinuvining texnik muhitiga bog‘liq usullar.
Onlayn (masofaviy) ta’limning qanday afzalliklari mavjud?
- o‘qish xarajatlarini kamaytirish (binolarni ijaraga olish xarajatlari, o‘qish joyiga borish-kelish), mashg‘ulot vaqtini qisqartirish;
- o‘quvchi va o‘qituvchi o‘zaro kelishgan holda darslarning vaqtini, joyini va davomiyligini mustaqil ravishda rejalashtirishlari mumkin;
- ko‘p sonli auditoriya uchun treninglar o‘tkazish, yagona o‘quv muhitini yaratish uchun zamonaviy vositalar, katta hajmli elektron kutubxonalar va boshqalarni qo‘llash orqali o‘qitish sifatini oshirish.
Masofaviy ta'limda yuzaga keladigan muammolarni ham eslatib o'tish kerak, jumladan:
- o‘qituvchidan bilan yuzma-yuz aloqaning yo‘qligi: o‘qituvchilar bilan kunlik yoki haftalik yuzma-yuz aloqalar mavjud emasligi natijasida o‘qituvchidan o‘zi haqida yetarli fikr mulohaza ololmagan o‘quvchilar o‘ziga bo‘lgan ishonchi borasida muammolarga duch kelishi mumkin;
- ijtimoiy o'zaro aloqalar yo‘qligi.