O‘qigan narsani qanday eslab qolish mumkin?
Kitob o‘qish undan olingan ma’lumotlar xotirada saqlab qolinsa va amalda ish bersagina foydalidir.
Ammo kitobni o‘qiganda ma’lumotlarni eslab qolish qiyin. Bu xotiraning sustligi emas, balki tabiiy jarayondir. O‘qiganni xotirada saqlanishi uchun bir necha usullardan foydalanish mumkin.
Kitob o‘qiyotganingizda har 20 daqiqadan keyin tanaffus (pauza) qilgan holda “o‘qiganimdan nimalarni tushundim?” degan savolga javob berish kerak. Eng muhim nuqtalarni tahlil qiling, imkoni bo‘lsa u haqda qaydlar qilib boring.
Nega aynan 20 daqiqa? Nemis psixologi German Ebbingauz inson xotirasining ma’lumotlarni saqlab qolish jarayonini tadqiq qilgan. Tadqiqotga ko‘ra, inson qabul qilgan ma’lumotining 40% ini birinchi 20 daqiqada, 60% ini 1 soatda unutadi. Bir sutkadan keyin esa ma’lumotning faqatgina 33-35% i saqlab qolinadi. Agar olingan ma’lumot birinchi 20 daqiqada qayta ishlanmasa, bu ma’lumotning xotirada saqlanib qolmasligi qolish ehtimoli juda past.
Ma’lumot xotirada yaxshiroq muhrlanishi uchun qayta o‘qish emas, qayta so‘zlab berish samaraliroq ekani tadqiqotlarda isbotlangan. Chunki gapirib berish chog‘ida miya ma’lumotni boshqa ma’lumotlar bilan uyg‘un qilishga urinadi. Uni shunchaki qabul qilmaydi, balki qayta ishlaydi.
O‘qigan ma’lumotlarni xotirada saqlab qolish uchun kitobni ovoz chiqarib o‘qish yordam beradi. Kitob o‘qishning birinchi kunini yakunlagach, o‘qilgan ma’lumotning eng muhim nuqtalarini yozib chiqing. Bu quruq konspekt shaklida emas, intellektual xarita tarzida bo‘lsa, qulayroq va qiziqarliroq bo‘ladi.
Xotirada muhrlash kerak bo‘lgan ma’lumotni uyqudan avval takrorlash ham foydali. Uyqudan avval qabul qilingan ma’lumotni miya yaxshi eslab qoladi.
Kitob o‘qishning keyingi kunlarida seriallarda qo‘llaniladigan algoritmdan foydalanish mumkin. Ya’ni serialning yangi seriyasi boshlanishida avvalgi seriyada nima bo‘lgani qisqa lavhalar bilan ko‘rsatib o‘tiladi. Yangi kunda mutolaani davom ettirishdan avval kecha o‘qilgan ma’lumotni bir xotirlab olish kerak. Buning uchun qo‘yilgan belgilarga, bo‘limlar nomiga ko‘z yugurtirish foyda beradi.
Kitob o‘qish yakunlangach, o‘qib qabul qilingan ma’lumotni amaliyotda qo‘llashni tezroq boshlash kerak. Ularni amalda qo‘llash imkoni bo‘lmasa, muayyan intervallar bilan kitobni qo‘lga olib, uni qayta ko‘zdan kechirish foydadan xoli bo‘lmaydi.