Рюкзак.png

O‘smirlar uchun ta’lim grantlari nima?

Ta’lim granti o‘quvchi-talabalar uchun ta’lim olishda davlat va nodavlat ta’lim muassasalari, xorijiy oliy ta’lim muassasalari tomonidan e’lon qilingan tanlovlar bo‘lib, unda mazkur ta’lim muassasalarda o‘qish xarajatlari qisman yoki to‘liq qoplab beriladi.

O‘zbekistonda eng asosisy ta’lim granti davlat oliy ta’lim muassasalari uchun har yili belgilab beriladigan oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarida davlat granti hisoblanadi. Bugungi qonunchilikda ushbu grantlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari bilan belgilanadi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda bu yil ilk bora nodavlat oliy ta’lim muassasalariga ham 500 ta davlat granti ajratildi, shuningdek, qizlar (ayollar) uchun 2000 ta qo‘shimcha grantlar ajratildi.

Eng muhim yangilik esa bu yil qabul test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar iqtidorli talabalar uchun Prezident granti joriy qilindi.

O‘zbekiston yoshlari nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarda ta’lim olishlari va tajriba almashishlari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ham alohida grantlar e’lon qilindi.

Ma’lumot uchun 2021-2022-o‘quv yilida ta’sis etilgan grantlar soni quyidagilarni tashkil etdi:

  • bakalavriat ta’lim dasturi uchun 100 nafar;
  • magistratura ta’lim dasturi uchun 150 nafar;
  • doktorantura ta’lim dasturi uchun 100 nafar.

Jamg‘arma grantlari quyidagi dasturlar bo‘yicha taqsimlanadi:

  • xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirish uchun — 2 oygacha muddatga;
  • xorijiy ilmiy, ta’lim, ijod muassasalari, davlat idoralari, korxona va boshqa tashkilotlarda stajirovka o‘tash uchun — 6 oygacha muddatga;
  • yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalarda magistratura dasturi asosida ta’lim olish uchun — 1-2 yil mobaynida;
  • doktorantura dasturi bo‘yicha — 1-4 yil mobaynida.

Jamg‘arma stipendiyalari munosib nomzodlarga quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:

  • xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda stipendiatlarni o‘qitish qiymati to‘lovi;
  • stipendiatlar tomonidan viza olish (shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonalari talabiga ko‘ra tibbiy ko‘rikdan o‘tish xarajatlari);
  • stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalari bilan ta’lim olish joyiga yetib borish uchun yo‘lkira xarajatlari (ikkala tomonga, yiliga bir martagacha);
  • xorijiy mamlakatda ta’lim olish davrida stipendiatlarning yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari;
  • zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, shu jumladan darsliklar xarid qilish, ilmiy maqolalar chiqarish, maqolalar va ilmiy adabiyotlarning elektron bazasiga obuna bo‘lish (ta’lim olish dasturi boshida bir martalik to‘lov);
  • xorijda ta’lim olish davrida stipendiatlarni tibbiy sug‘urtalash.

Grant tanlovlarini izlash va qatnashish kuch sarflaydi, ammo agar siz to'g'ri yondashuvdan foydalansangiz, sa'y-harakatlar mukofotlanadi.

Oldingi Keyingi