Qaysi ta’lim turlari majburiy?
Barchamiz hayotimiz davomida ta’lim olib boramiz: avvaliga maktabgacha ta’lim muassasalarida, ya’ni bog‘chada, keyinchalik maktabda, qiziqishga ko‘ra akademik litsey yoki kasb-hunar maltablarida, maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida, undan so‘ng oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olamiz. Ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun oliy ta’limdan so‘ng ilmiy-tadqiqot institutlarida, ya’ni doktoranturalarda ta’limni davom ettirishimiz mumkin.
Xalqaro tajribada ta’lim olish jarayoni “Hayot davomida ta’lim” tamoyili asosida olib boriladi, ya’ni inson tug‘ilganidan toki umrining oxiriga qadar u yoki bu tizimda ta’lim olishni davom ettiradi. Masalan, faoliyat yuritayotgan sohangizda malaka oshirish kurslariga qatnashishingiz ham ta’lim bosqichlaridan biri hisoblanadi.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya olti yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga bir yillik majburiy tayyorlashni ham nazarda tutadi. Mazkur tartib qonunning 8-moddasida belgilab qo‘yilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim, ya’ni 11 yillik maktab ta’limi bosqichlari quyidagilardan iborat:
- Boshlang‘ich ta’lim (I — IV sinflar);
- Asosiy o‘rta ta’lim (V — IX sinflar);
- O‘rta ta’lim (X — XI sinflar).
Boshlang‘ich ta’lim ta’lim oluvchilarda umumiy o‘rta ta’limni davom ettirish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim, malaka va ko‘nikmalar asoslarini shakllantirishga qaratilgan.
Asosiy o‘rta ta’lim o‘quv dasturiga muvofiq ta’lim oluvchilarga bilim, malaka va ko‘nikmalarning zaruriy hajmini beradi, ularda mustaqil fikrlash va tahlil qilish qobiliyatini rivojlantiradi.
Asosiy o‘rta ta’lim doirasida, ya’ni 9-sinfdan so‘ng, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra kasb-hunar maktablari yoki akademik litseylarda ikki yillik majburiy ta’limni davom ettirishlari mumkin.